Yana Agrobank: bank xodimlari mijozlarning pullarini talon-taroj qilishgan

19.03.2024 16:33

"Agrobank" Farg`ona filiali mansabdorlari salkam 4 milliard so`m mablag`ni shaxsiy manfaatlari uchun o`zlashtirgan. 

"Agrobank" Farg`ona filiali sobiq mansabdorlariga o`qilgan sud hukmiga ko`ra, “Agrobank” ATB Farg`ona filiali boshqaruvchisi, filial Buxgalteriya hisobi va hisoboti bo`limi bosh buxgalteri, filial boshqaruvchisi o`rinbosari - Front ofis boshlig`i va filial kassiri oldindan til biriktirib, mijozlarning pullarini talon-taroj qilishgan.

Jumladan, omonatchining xabarisiz uning 600 mln so`m mablag`ini boshqa maqsadlarda chiqim qilishib, omonatchining oylik foizini o`zlarining pullaridan bank orqali oyma-oy o`tkazib turishgan. 

Shuningdek, ular kunlik kassa hujjatlari ma`lumotlarini soxtalashtirgan holda “Fergana-Oseana” MChJ xorijiy korxonasining hisob-raqamidan 1 mlrd 582 mln so`m naqd pullarni chiqim qilib, talon-taroj qilishgan. 

Bank mijozlari tomonidan 2023 yil iyun oyiga qadar hisob-raqamlariga kirim qilish uchun topshirilgan naqd pullarni hujjatlarda kirim qilib, ammo uni pul omboriga yo`naltirmasdan, jami 482,9 mln so`mni o`zlashtirishgan.

Bundan tashqari, bankning sobiq mansabdor shaxslari tomonidan kunlik kassa hujjatlari ma`lumotlarini soxtalashtirish yo`li bilan 1,8 mlrd so`mni o`zlashtirib yuborilganligi ham fosh etilgan. 

"Agrobank" Farg`ona filiali boshqaruvchi o`rinbosari himoyachisi shikoyatida, harakatida o`zlashtirish, mansab soxtakorligi va mansab vakolatini suiiste`mol qilish jinoyatlari tarkibi yo`qligi sababli, oqlov hukmi chiqarishni so`ragan. 

Lekin keltirilgan dalillar va guvohlar ko`rsatmalariga asosan, sudlov hay`ati sobiq mansabdorga oid sud hukmini o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар