2023 yilda 750,9 milliard so`m sof foyda qilgan “Agrobank” ATB ayni kunda jismoniy va yuridik shaxslardan 14,3 milliard so`m qarzdor.
2019 yildan buyon Rustam Mamatqulov boshqarib kelayotgan Agrobank 14,3 milliard so`m qarzdorligini o`zi ham tan oldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi O`zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslardan qarzdorligi mavjud bo`lgan davlat ulushiga ega tijorat banklari TOP-8 taligini e`lon qildi.
MIB reytingiga ko`ra, ushbu 8 ta bankning jami 21,5 milliard so`mlik qarzi bo`lib, uning yarmidan ko`pi «Agrobank» ATB hissasiga to`g`ri keladi. Agrobankning qarzi 14,3 mlrd so`m bo`lsa, qolgan jami 7 ta bankning qarzi 7,2 mlrd so`mni tashkil etmoqda.
1. «Agrobank» ATB — 14 mlrd 321 mln 911 ming 017 so`m;
2. Xalq banki — 5 mlrd 739 mln 199 ming 370 so`m;
3. ATB «Biznesni rivojlantirish banki» — 1 mlrd 837 mln 133 ming 948 so`m;
4. «Asakabank» AJ — 409 mln 119 ming 143 so`m;
5. «O`zsanoatqurilishbank» ATB — 22 mln 413 ming 802 so`m;
8. «Mikrokreditbank» ATB — 10 mln 426 ming 995 so`m;
7. «Turonbank» ATB — 4 mln 771 ming 791 so`m;
8. O`zmilliybank — 405 238 so`m.
Hisobotlarga ko`ra, mazkur banklarning barchasi 2023 yilda katta miqdorda sof foyda bilan chiqishgan.
1. «Agrobank» ATB — 750,9 mlrd so`m;
2. Xalq banki — 248,5 mlrd so`m;
3. ATB «Biznesni rivojlantirish banki» — 236 mlrd so`m;
4. «Asakabank» AJ — 150,6 mlrd so`m;
5. «O`zsanoatqurilishbank» ATB — 911,7 mlrd so`m;
8. «Mikrokreditbank» ATB — 41,1 mlrd so`m;
7. «Turonbank» ATB — 57,9 mlrd so`m;
8. O`zmilliybank — 1716,5 mlrd so`m.
Davlat ulushi mavjud bo`lgan mazkur tijorat banklari yiliga milliardlab, trillionlab foyda ko`rishiga qaramasdan jismoniy va yuridik shaxslardan qarzini uzmay kelmoqda.
Majburiy ijro byurosi ma`lumotlariga ko`ra, mazkur qarzdorliklarni undirish to`g`risida sud qarorlariga asosan ijro harakatlari boshlangan bo`lsa-da, banklar tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish muddatlari o`tib ketgan.
Qarzdor banklar bo`yicha xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so`ng “Agrobank” ATB Rasmiy munosabat bildirdi.
“MIB saytida “Agrobank” ATB bo`yicha aks ettirilgan 14,3 mlrd. so`m joriy va sud jarayonidagi qarzdorliklar bo`lib, hozirgi vaqtda qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli huquqiy jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Keltirilgan yuqoridagi qarzdorlikning qariyb 13 mlrd. so`mga oid qismi bugungi kunda Toshkent shahar iqtisodiy sudining apellyasiya sudlov hay`ati tomonidan ko`rib chiqilmoqda.
Mazkur ishlar yakuniy holatiga ko`ra qonunchilikda belgilangan tartiblarga asosan qarzdorlik to`lanishi yoki ijro hujjatlarini bekor qilinishini ma`lum qilamiz”, – deyiladi “Agrobank” Matbuot xizmati tomonidan bildirilgan Rasmiy munosabatda.