Farg`ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov «Yoshlar ko`li» hududini xususiy korxonaga berish to`g`risidagi qarorini Ommaviy axborot vositalarida ko`tarilgandan so`ng bekor qilishga majbur bo`ldi.
Hokim 29 yanvarda imzolagan 2 gektar hududdagi «Yoshlar ko`li» maydonini «Unays» qurilish shirkatiga doimiy foydalanish huquqi bilan berish to`g`risidagi qarorini 7 mart kuni bekor qildi.
Farg`ona viloyat markazidagi qimmat erga ko`p qavatli uy, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun «bino va inshootlar» nomi ostida egalik huquqini kiritgan «Unays» qurilish shirkati qaror chiqishidan 24 kun oldin ro`yxatdan o`tganligi ham jurnalistlarda shubha uyg`otgan.
Hokim qarori noqonuniy ekan haqidagi tanqidiy maqola O`zAda e`lon qilingandan keyingina Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Rasmiy munosabat bildirib mazkur qaror noqonuniy ekanligini ma`lum qildi.
«Farg`ona viloyati hokimligiga ob`ektni Farg`ona shahar hokimligi balansiga o`tkazish va “Unays building” MChJga foydalanishga berish to`g`risidagi qarorlarni bekor qilish bo`yicha joriy yil 6 mart kuni tegishli ko`rsatmalar yuborildi.
Davaktiv agentligi tomonidan ushbu davlat mulki ob`ektini tegishli Sport maktabi balansiga qaytarish masalasi qat`iy nazoratga olinishini ma`lum qilamiz», – deyiladi Davaktiv munosabatida.
Farg`ona viloyat hokimi tomonidan chiqarilgan qaror ijtimoiy tarmoqlarda kattagina shov-shuvlarga sabab bo`lgandan so`ngina u o`zining qarorini bekor qilishga majbur bo`ldi.
Davaktiv tomonida qarorda bir qancha qonun buzilishlari ko`rsatib o`tilgan bo`lsada, qarorni bekor bo`lishiga qurilish tashkilotining chet ellik invetor tomonidan o`z vaqtida moliyalashtirish ishlar bajarilmagani sabab qilib ko`rsatilgan.
“Unays building” MChJ 2024 yil 4 martdagi №5-sonli xat orqali murojaat qilib, chet ellik investorlar tomonidan moliyalashtirish o`z vaqtida amalga oshirilmayotganligini bildirganligi inobatga olinsin.
Farg`ona viloyati hokimining 2024 yil 29 yanvardagi 44-11-0-Q/24-sonli qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin”, – deyiladi Farg`ona viloyat hokimining o`z qarorini bekor qilish haqidagi qarorida.