Ko`pchilik Saodat Shermatovani asta-sekin tanib bormoqda. Chunki u O`zbekistondagi ilk ayol jamoat transporti haydovchisi hisoblanadi.
Saodat Shermatova 49 yoshda. Otasi huquqshunos, onasi esa uy bekasi bo`lgan, oilada 4 ta qiz, 2 ta o`g`il.
2020 yilda Samarqanddan poytaxtga ko`chib kelgan qahramonimizning turmush o`rtog`i ham jamoat transporti boshqaradi, bir o`g`il, bir qiz farzandi bor.
2005 yilda haydovchilik guvohnomasi olgan Saodat Shermatova O`zbekistonda birinchi jamoat transportini boshqarayotgan ayol haydovchi hisoblanadi.
- Birinchi mustaqil boshqargan avtomobilingiz qanday bo`lgan?
- Neksiya bo`lgan, rulda yurishlarni Damas avtomobilida o`rganganman. Keyin esa, ko`proq Neksiya boshqarganman.
- Haydovchilik guvohnomasini D kategoriyasiga o`qishingizga nima sabab bo`lgan?
- Yoshligimdagi qiziqishlarim ko`paysa ko`paydiki, hech qachon kamaymadi. Borgan sari ko`payaverdi, o`ziga tortaverdi. Shuning natijasi deb o`ylayman.
- Sizdan boshqa qarindoshlaringizda, yaqinlaringizda ayol kishilardan jamoat transporti boshqarganlar bo`lganmi?
- Dadam huquqshunos bo`lgani sabab, dadamni yo`lidan ketsammi, deb huquqshunoslikda ham o`qiganman. Lekin oilamizda haydovchilar bo`lmagan. Men birinchisi bo`lsam kerak. Boshida avtobus haydovchilariga bir qarashda oson tuyulishi mumkin. Lekin murakkabroq, ancha qiyinroq ekan. Juda e`tiborli bo`lishga to`g`ri kelarkan. Transport boshqarayotganda hech narsaga chalg`imaslik kerak ekan. Avtobus boshqarishni boshlaganimda qiziq bo`ldi. Tushgacha bir yo`lovchi men avtobus boshqarayotganimdan juda norozi bo`ldi, kayfiyatni tushiruvchi gaplar aytib, tushib ketdi. Ruhan tushkunlikka tushdim. O`sha kuni tushdan keyin boshqa yo`lovchi "Rahmat sizga o`xshagan opalar ko`paysin", deb tushib ketdi.
- O`zbekistonda hali jamoat transportlarini boshqargan haydovchilar yo`q. Odamlar bu holatni qanaqa qabul qilyapti?
- Yaxshi ham deyolmayman, yomon ham deyolmayman. Lekin, ko`proq yaxshi tarafga o`zgaryapti. Yo`llarda yurganimda har xil odam bor, mensimasdan yo`limga chiqadiganlar bor, yoki ko`rmasdan qolganlari bor, shundan ozgina qiyinchilik bo`lyapti.
- Uydagilaringiz bunday holatlarga qanday qarashadi?
- Farzandlarim xursand. Turmush o`rtog`im esa biroz xavotirda, har kuni ehtiyot bo`lgin, deb ko`p tayinlaydi.