Belgilangan ijtimoiy loyihalar doirasida Zarafshon shahar hokimligining amaliy ko`magi bilan "KUMUSh ASL NAVOIY" mas`uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati uchun ma`muriy bino — “Iste`molchilar uyi” majmuasi qurib, foydalanishga topshirildi. Kuni kecha ayni majmuaning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Zarafshon shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining yangi maskani ochilishida O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, shahar hokimi Nazirbek Rahmanov, shahar sektor rahbarlari, viloyat iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari rahbarlari, korxona, tashkilot rahbarlari, mahalla faollari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimi davomida so`zga chiqqanlar mazkur majmua ochilishi "Butunjahon iste`molchilar huquqlarini himoya qilish kuni” arafasida soha xodimlari uchun o`ziga xos sovg`a bo`lgani va ularning faoliyatini samarali tashkil etishlarida alohida ahamiyat kasb etishini ta`kidlashdi.
Endilikda bu maskanga tashrif buyuruvchi fuqarolar — iste`molchilar nafaqat o`zlarini qiynab turgan muammolari bilan murojaat qilishlari mumkin, balki bepul huquqiy maslahat olish imkoniyatiga ham ega bo`ladilar. Shuningdek, bu erda fuqarolarning qo`shimcha ma`naviy ozuqa olishlari uchun ham sharoitlar hozirlanmoqda. Ya`ni majmuada barcha kitobxonlar uchun zarur adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona faoliyati ham yo`lga qo`yiladi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi va Navoiy viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari J. Xodjaev ishtirok etdi.