Buzilish navbati Toshkentdan keyin Buxoroga keldimi?

27.02.2024 10:14

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro arena markaziy stadionining buzilish holatlari aks etgan video tarqaldi. Videoda ikki yil oldin milliardlab pul sarflab ta`mirlangan va o`rindiqlari yangilangan stadiondagi o`rindiqlar shunchaki sindirib yaroqsiz holatga keltirilayotganini ko`rish mumkin.

2024 yil 21 fevraldan buzilishi boshlangan stadion o`rnida va unga tutash hududlarda Buxoro turizm markazi qurish rejalashtirilgan. Bu haqda 2022 yil 26 dekabrda bosh vazir Abdulla Aripov o`tkazgan yig`ilish bayonida aytilgan edi.

Bundan tashqari, o`tgan yili yanvar oyida Qurilish vazirligi va Buxoro viloyat hokimi ishtirok etgan matbuot anjumanida jurnalistlar va jamoatchilikning Buxoro markazidagi demontaj ishlari bo`yicha berilgan savollariga "Agar loyiha tasdiqlanib, sharif shahrimiz infratuzilmasini yangilash amallari boshlansa, hokim sifatida va`da beraman, investor yangi stadion qurib bergandan keyingina Buxoro stadionini buzish boshlanadi», – degan edi. Lekin bu gaplar jamoatchilikni tinchlantirish uchun aytilgani bir yil o`tib ma`lum bo`ldi.

Iqtisodchi, bloger Otabek Bakirov (Bakiroo) o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ushbu holatni 2019 yil 13 noyabrda Toshkentda skverdagi daraxtlar kesilish holati bilan solishtirgan.

"Men, to`g`risi bilmayman, ular O`zbekiston va O`zbekistonning birinchi poytaxti ulug` Buxoroning dushmanlarimi yoki yo`qmi.

Lekin ishonchim komilki, buzg`unchilar buzish jarayonidan xuddi bosqinchilar kabi lazzat olishmoqda.

Yana ishonchim komilki, Buxoroda 2024 yil 26 fevral Toshkentda 2009 yil 13 noyabrda skverdagi daraxtlarni kesishning boshlanishi kabi esda qoladi va tarixga qora sahifa bo`lib kiradi.

Yana ishonchim komilki, yaqin tariximizdagi samarasiz va zararkunanda loyihalarning yasama turistik markazlar qurilishiga bevosita bog`liqligi mavjud va bunda Buxoroning buzilishi ham istisno emas. Bu halqalar haqidagi sharmandali surishtiruvlar chiqishi vaqt masalasi xolos. Hech narsa unutilmaydi", deb yozadi bloger.

Ma`lumot uchun, 2022 yilning 30 dekabrida Bosh vazir A.Aripov tomonidan "Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan keng ko`lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to`g`risida o`tkazilgan yig`ilishi bayon"i bilan Buxoro shahrining 32,6 gektar hududida turizm shaharchasini qurish, hududdagi 29 ta tashkilot va muassasalarni boshqa hududlarga belgilangan tartibda ko`chirish takliflari ma`qullangan. Ushbu ma`qullangan takliflar orasida Buxoro stadioni ham bor.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар