Xususiy maktab reklamasi bir nechta qonunni buzgan edi, ammo jazolovchi yo`q

22.02.2024 11:00

Ijtimoiy tarmoqlarda “Asia School” xususiy maktabi uchun ishlangan reklama ko`plab muhokamalarga sabab bo`lmoqda. 

Maktab reklamasi uchun tayyorlangan rolikda maktabning eng ustun tarafi deb o`zbek sinflarining yo`qligi aytilgan. Bundan tashqari, ishtirok etganlar esa “O`zbek sinflari bormi?” degan savolga ajablangandek, masxara qilgandek hayratli nigoh bilan javob qaytargan. 

Vaholanki, reklama qilingan maktab o`zbek tili davlat tili deb qabul qilingan O`zbekistonda faoliyat yuritadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu reklama O`zbekistonda mavjud “Reklama to`g`risidagi” va “Davlat tili to`g`risidagi” qonunlarga shunchaki ko`z yumilganini ko`rsatadi. 

Misol uchun, reklama to`g`risidagi qonunning 4-bob, 16-moddasida “Reklamada jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab, boshqa holatlarga ko`ra kamsitish yoki o`zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish taqiqlanadi”, deyilgan. Maktab reklamasida esa, davlat tilining ochiqdan ochiq kamsitilayotganiga guvoh bo`lish mumkin. 

“Davlat tili haqida”gi qonunning 24-moddasida “O`zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o`zaro muomala, tarbiya va ta`lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to`sqinlik qiluvchi shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo`ladilar”, deyilgan.

O`zbekistonda davlat tiliga hurmat shakllanmaganmi? Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, ushbu savolga "ha” deb javob berging keladi, sababi, yaqinda Milliy media assosiasiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo`ja “O`zi yashayotgan mamlakat tilini bilmaydiganlar bosqinchi yoki ahmoqdir", deya keltirgan so`zlari uchun unga Rossiyaga kirish taqiqlangan edi, bundan keyin ko`pchilik uning fikrlarini ma`qulladi. Ammo yuqoridagi reklama esa, davlat tiliga milliy g`urur sifatida qarash hali ham to`liq shakllanmaganini ko`rsatib qo`ydi. 

Bu reklamadan keyin “Eltuz” telegram kanali ushbu holatni izohlar ekan, bunday holat jamiyatshunoslikda “qullik mentaliteti” deb ataladi, deb keltirib o`tgan. 

Holat bo`yicha  “Asia school” xususiy maktabi direktori ijtimoiy tarmoqlarda holat noto`g`ri talqin qilinganini, maktab ingliz va rus tiliga ixtisoslashgan bo`lsa-da, davlat tiliga nisbatan hurmat borligi xususida munosabat berib o`tgan. Ko`rinib turibdiki, munosabatning o`zi ham haminqadar, fikrlarda biror dalil yo`qligidan ham ko`ra, davlat tiliga hurmat borligi alohida bir og`ir ishni bajarishdek aytib o`tilgani biroz kulgili hamda achinarli.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар