Ma`lumotlarga ko`ra, ortopedik kasallanish ko`rsatkichlari 2016 yilda har 100 ming aholiga 1020,7 tani tashkil etgan bo`lsa, 2022 yilda 724,4 tani tashkil qildi.
Bunga sabab, so`ngi 5 yil ichida travmatologiya va ortopediya sohasida sezilarli ijobiy o`zgarishlar yuz berdi. Soha bo`yicha vertikal tizimning joriy etilishi, barcha viloyat markazlarida filiallarning tashkil qilinishi, hududlarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar malakasining oshirilishi, hududlar tibbiyot muassasalarining zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta`minlanishi ortopedik kasalliklarni erta aniqlash va o`z vaqtida davolash imkoniyatini bermoqda.
Mutaxassislarning so`zlariga ko`ra, soha bo`yicha oxirgi yillarda hududlarda erta diagnostika va konservativ davolash yo`lga qo`yilgani sababli operasiyalar soni 75 foizga kamaydi. Bu ko`rsatkichni yanada kamaytirish uchun 2023 yildan boshlab yangi tug`ilgan barcha chaqaloqlarda ultratovush tekshiruvi orqali displaziyani erta aniqlash tizimi joriy etila boshlandi. Shu vaqtgacha Surxondaryo, Andijon, Namangan, Xorazm va Jizzax viloyatlarida sayyor sikllar tashkil etildi. Mazkur sayyor sikllarda jami 36 nafar viloyat UTT shifokorlarga displaziyani ultratovush yordamida tashxislash o`rgatildi.
Bundan tashqari Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2023 yilga mo`ljallangan uzluksiz kasbiy ta`lim tizimida tibbiyot kadrlarining mavsumiy malakasini oshirish kurslari kalendar rejasiga asosan uzun naysimon suyaklar sinishlarini zamonaviy operativ usullarda davolash, bolalarda maymoqlikni Ponseti usulida davolash, travmatologik va ortopedik operasiyalarda ultratovush navigasiyasi yordamida periferik nervlarning blokadasi (regionar anesteziya), yirik bo`g`imlarni endoprotezlash va artroskopiyasi kabi dolzarb yo`nalishlar bo`yicha 36 va 72 kreditli sikllarda O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`iziston va Qozog`iston Respublikasidan jami 100 nafar mahalliy va xorijiy mutaxassislar malakasini oshirdi.
Natijada, 2016 yilda endoprotezlash faqat 5 ta, artroskopiya esa 2 ta viloyatda bajarilgan bo`lsa, hozirgi kunda travmatologiya va ortopediya sohasida qo`llaniladigan yuqori texnologiyali endoprotezlash va artroskopiya barcha viloyat markazlarida tatbiq etilgan, BIOS tumanlarda ham keng qo`llaniladi.
Viloyatlarda 2019 yilda 692 ta endoprotezlash, 970 ta artroskopik operasiyalar o`tkazilgan bo`lsa, 2023 yilda 3486 ta endoprotezlash, 3500 dan ortiq artroskopik operasiyalar bajarildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 2019 yilda 1089 ta endoprotezlash, 1438 ta artroskopik operasiyalar o`tkazilgan. 2023 yilga kelib bu ko`rsatkichlar 3026 va 3265 tani tashkil etdi. 2023 yil davomida tizza va elka bo`g`imida bajariladigan yangi zamonaviy artroskopik usullar, chanoq-son bo`g`imini kalta oyoqchali endoprotez yordamida total endoprotezlash usuli, tizza bo`g`imini unikondulyar endoprotezlash usuli, umurtqa pog`onasi kasalliklarida endoskopik diskektomiya va orqa miya dekompressiyasi kabi yangi yuqori texnologiyali operasiyalar tatbiq etildi.
O`zbekistonda birinchi marta bir yarim yashar bolada umurtqa pog`onasi bilan bog`liq juda ham murakkab operasiya bajarildi. Oxirgi yilda yana bir yuqori texnologiyali operasiya – umurtqa patologiyasida endoskopik usullarni qo`llash keng yo`lga qo`yilib, 2023 yil davomida umurtqa pog`onasida 400 ta endoskopik operasiyalar bajarildi.
Hozirgi paytda Markaz filiallari va tumanlar bilan telemedisina aloqasi o`rnatilgan. 2023 yil davomida telemedisina orqali hududlar bilan 105 marotaba bog`lanishda 439 ta tibbiy maslahat, 297 ta konsilium o`tkazildi. Natijada bemorlarga yashash joyida davolanish imkoniyati yaratildi.
Etakchi xorijiy klinikalar bilan hamkorlik o`rnatish, markazlar o`rtasida kelishuv memorandumlarini imzolash choralarini ko`rish, tajriba almashish, travmatologiya va ortopediya markazida yo`lga qo`yilgan qulayliklarni xorijiy mutaxassislarga namoyish etish maqsadida markazning jami 81 nafar mutaxassisi 2023 yil davomida Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh, Turkiya, Hindiston, Italiya, Qozog`iston, Ozarbayjon davlatlarining etakchi klinikalarida malaka oshirib kelishga va konferensiyalarda ishtirok etishga muvaffaq bo`ldi.
Markaz 2023 yil davomida AQSh, Germaniya, Italiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Hindiston va Rossiya davlatlari tibbiyot muassasalari bilan jami 14 ta memorandumlar tuzdi.
Markazda Rossiya, Hindiston, Turkiya, Italiya, Germaniya, AQSh davlatlarining etakchi xorijiy klinikalardan tashrif buyurgan 100 ga yaqin mutaxassis tomonidan master-klasslar va seminarlar tashkil qilindi.
Joriy yil davomida ham hududlarda markazning 70 nafar etuk mutaxassisi muntazam ko`riklar uchun safarbar qilinadi. 6500 nafar bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi va 575 nafarida yuqori texnologik amaliyotlar bajariladi. Tumanlarda birlamchi bo`g`in darajasida tug`ma ortopedik kasalliklarni erta aniqlash va davolash tizimi joriy etiladi. Hududlarda chaqaloqlarda chanoq-son displaziyasini UTT yordamida erta tashxislash bo`yicha 35 nafar mutaxassisning malakasi oshiriladi. 75 nafar mutaxassis xorijiy etakchi klinikalarda malaka oshiradi. Hududlarda chanoq-son bo`g`imi displaziyasini UTT yordamida diagnostika qilish usuli tatbiq qilinadi. Shuningdek, Buxoro, Namangan, Andijon viloyatining 8 ta tumanida tizza bo`g`imi artroskopiyasi bo`yicha davolash usuli tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
Janubiy Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Turkiya, Hindiston, Belarus Respublikasi etakchi klinika va markazlari bilan 6 ta hamkorlik memorandumlari imzolash ko`zda tutilgan.
Murodjon Irismetov,
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori