Guljamol Shalova 60 yoshda. Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanida istiqomat qiladi.
Asli Qozog`istonda tug`ilib o`sgan qahramonimiz ilk marta Toshkentga o`qish uchun kelgan, bu erda tarbiyachi mutaxassisligi bo`yicha o`qishni bitirgach, yana Qozog`istonga qaytib ketadi. Turmush qurib ikki farzandning onasi bo`lgach, taqdir taqozosi bilan yana Toshkentga ko`chib keladi.
- Yigirma ikkita odam bor edi kelin bo`lgan joyimda, ammo juda inoq edik. Men ularni, ular esa meni tushunar edi, – deydi qahramonimiz.
- Aslida Toshkent havosini juda yoqtirar edim, turmush o`rtog`imga ham bu er juda yoqqan. Toshkentga kelgach, juda ko`p joylarda ishlab ko`rdim, magazinlarda ishladim. Qizimni chiqarib, o`g`limni uylantirdim. Keyin dugonam Toshkentda ish bor dedi. O`zim uchun ham ishlashim kerak deb, 2011 yildan obodonlashtirishga ishga kirganman. Men ishga kelganimda Navoiy ko`chadagi bu binolar yo`q edi. Ishimni juda yaxshi ko`raman, hattoki karantin paytlari ham Yangiyo`ldan piyoda kelib, 10 kun bir o`zim ishlaganman, – deydi Guljamol Shalova.
O`z kasbini sidqidildan bajaradigan, ertalabdan kunning sovug`i yoki issig`iga qaramasdan har kuni ishga otlanadigan qahramonimizning jamoadoshlari bilan ham suhbatlashdik. Ulardan ham ishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar haqida so`radik.
- Asosan bizga qish faslida qiyinroq bo`ladi. Lekin shu paytlarda ham muzlarni ko`chirib, tozalab qo`yamiz. Har kuni ishga vaqtida etib kelish uchun soat 4:30 dan harakatni boshlaymiz. Soat 7:00 da hamma shu erda, formada, ishda bo`ladi. U paytda hali shahardagilar uyg`onmagan bo`ladi. Shahardagilar turib, ishiga chiqqunicha biz ularning yo`llarini chiroyli qilib tozalab qo`yishga harakat qilamiz. Lekin har kuni qatnaydigan avtobus o`zimizning hisobimizdan. Bizga davlat hech qanday yordam ko`rsatgani yo`q. Toshkent viloyati, Chinoz tumanidan kelamiz. Oylikning 25 foizi yo`l haqqiga ketadi. Biz iltimos qilgan bo`lardik, davlat tomonidan transport bilan ta`minlashlarini, bitta avtobusda 42 ta odam bo`lib kelamiz. Tushlik ham o`zimizning yonimizdan. Davlat tomonidan bizga joy ham ajratilmagan. Bizga transportga sharoit yaratib bersa bo`ldi. Chunki sharoitingiz yaxshi bo`lsa, ishlashga kuch va g`ayrat bilan kelasiz, – deydi obodonlashtirish xodimlari Rost24.uz ga bergan intervyusida.
Har bir ishda qiyinchilik bor. Lekin biz hali uyqudan uyg`onmagan paytimizda obodonlashtish xodimlari ishga ketish uchun tayyorlanayotgan bo`ladi. Biz ish, o`qish uchun otlangan paytimizda esa, ular allaqachon ko`chalarni tozalab bo`lishadi.
Har narsaga shukr qiladigan, ishda duch keladigan muammolarni chetlab, hatto ularni oddiy hol deb hisoblaydigan qahramonimiz orzulari haqida ham gapirdi.
- Onajonim o`nta farzandni dunyoga keltirdi, katta qilib tarbiya berdi. Bitta orzuyim – onamni "Bu mening onam" ko`rsatuviga olib chiqish. Onamga buni aytmaganman, lekin niyat qilganman. Singillarimga aytganman, hali onamni shu ko`rsatuvga albatta olib chiqaman deb, – deydi Guljamol Shalova.
13 yildan buyon transportda 1 soatlik yo`ldan har kuni ertalab qatnab ishlayotgan qahramonimizni haqiqiy fidoyi inson desak bo`ladi. Poytaxtning ozodaligi uchun Yangiyo`ldan hattoki, piyoda kelgan Guljamol Shalovani haqiqiy o`zbek ayoli desak ham mubolag`a bo`lmaydi.