Prezident Xalq qabulxonalarining Toshkent shahri tumanlaridagi o`rganishlari davomida aniqlangan muammolar sektorlar tizimida tahlil qilinib, “tuman – shahar – respublika” tamoyili asosida bosqichma-bosqich hal qilinmoqda. Fikrlarimizni Yashnobod tumanidagi amaliy misollar bilan davom ettiramiz.
Ishchi guruhining 2020 yili “Parvoz” mahallasi Aviasozlar 1-tor ko`chasidagi o`rganishlari davomida qarovsiz, bo`sh yotgan bino aniqlangan edi. Sobiq aviasiya ishlab chiqarish birlashmasiga qarashli bu binoda 32 yil avval qurilish boshlangan-u, so`ng chala holicha qolib ketgan ekan. Bu masala respublika darajasiga olib chiqilgach, mahalliy byudjetdan 17 mlrd. so`m ajratilib, zamonaviy yopiq suv havzasi va sport seksiyalari, xizmat ko`rsatish shoxobchalari tashkil etishga kirishildi. Ayni paytda qurilish ishlari davom etmoqda. Inshoot joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi bilan 60 ta ish o`rni ham yaratiladi.
Tumandagi 240-maktabgacha ta`lim tashkiloti 1965 yildan buyon biron marta ham ta`mirlanmagan edi. Xalq qabulxonasining o`rganishlaridan so`ng bu muammoning ham echimi topildi. Ayni paytda bog`cha binosining tomi, fasadi, shiyponlari, yo`laklari, eshik-derazalari ta`mirlandi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari yangilandi. Muassasa joriy yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ana shunday o`rganishlar asnosida “Ma`rifat” mahallasi Boku ko`chasining 1,5 kilometrlik qismi to`liq asfaltlandi. Tuzel-1 mavzesidagi o`rganishlar davomida esa 557-maktabgacha ta`lim tashkiloti yonidagi yo`l ayanchli ahvolda ekani aniqlangan edi. O`rganishlardan so`ng qisqa vaqtda bu ko`chaga ham asfalt qoplamasi yotqizildi.
“Yangi davr” mahallasidagi Farg`ona yo`li 3-tor ko`chasiga borganimizda katta ishning ustidan chiqdik. Bu erda ham o`tgan yilgi o`rganishlar davomida 100 dan ortiq xonadon kanalizasiya yo`qligidan qiynalib yashayotgani ma`lum bo`lgandi. Ayni paytda qurilish guruhlari texnikalar bilan 800 metrga kanalisaziya quvurlarini o`tkazmoqda.
Navbatdagi manzil “Shirinobod” mahallasi. Aholi “Do`stlik” metro bekatining chiqish yo`lidan mahallaga o`tish yo`li ta`mirtalabligi, yorug`lik tizimi ishlamasligi, qish mavsumida piyodalar o`tishi uchun sharoit yo`qligi yuzasidan murojaat qilgan. Shundan keyin bu masala respublika darajasidagi mas`ul tashkilotlar oldiga qo`yilib, ko`prik ta`mirlab berildi.
2020 yilda Yashnobod tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaatdan so`ng 42 kishi doimiy ish bilan ta`minlandi. Masalan, xuddi shunday murojaat asosida Mahliyoxon Obidjonova 31-oilaviy poliklinikada hamshira, Yulduz Hayitova esa sanitar xodim sifatida ish boshladi. Yoki Chirchiq pedagogika institutida sirtdan o`qiyotgan Zarnigor A`zamova ancha vaqt ishsiz yurgach, tuman Xalq qabulxonasida uning muammosiga echim topildi. Z.A`zamova 373-maktabgacha ta`lim tashkilotiga ishga qabul qilindi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning 20 foizi sog`liqni saqlash tizimiga oiddir. Ayni shu murojaatlar tahlilidan so`ng o`tgan yilda Toshkent shahridagi 52 ta mahallada chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar tashkil qilindi. Ularda qariyb 5 ming nafar aholi tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, ularning 3,4 mingdan ziyodida turli xastaliklar aniqlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 119 nafar insonga esa bepul davolanish uchun orderlar berildi. Dori-darmonga muhtoj qariyb 1,2 ming nafar ehtiyojmand fuqarolarga 12 turdagi zaruriy dori-darmon vositalari etkazib berildi.