Boburning 15-avlodi: Boburiylar avlodi ekanligimizni sir saqlashga majbur bo`lganmiz

14.02.2024 09:05

14 fevral – Zahriddin Muhammad Bobur tug`ilgan kun

Hindistonni mustamlaka qilgan inglizlar Boburiylar sulolasining qiz va ayollariga tegmagan, biroq bu suloladan umuman erkak kishi qoldirmaslik uchun faqat o`g`il bolalarini o`ldirgan.  Ular Boburiylarda Amir Temur qoni bor deb, qo`rqishgan. 

Ammo Bobur avlodlari shunday qiyin zamonlardan ham mashaqqat bilan o`tib bugungi kungacha etib kelgan. Bobur avlodlari Qizil imperiya davrida ham o`zlarini tanitishi mumkin emasdi. Shu sabab odamlar bu suloladan  hech kim qolmagan, deb o`ylashadi. 

Ammo boburiylar sulolasining vakillari bugun ham yashab kelmoqda.

14 fevral Hindiston diyorida 332 yil saltanat qurgan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. Bu yil davlat arbobi tavallud topganiga 541 yil to`ldi. 

Ko`plab tarixchi olimlar ushbu buyuk suloladan hech kim qolmagan, deb ko`p bora takrorlashadi. Ammo asli Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug`ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Zayniddin Mavlonov Zahiriddin Muhammad Boburning o`g`il avlod tarafidan shajarasining 15-davomchisi hisoblanadi. 

Uning so`zlariga ko`ra, inglizlar Hindistonga hujum qilganida uning 6 yoshli bobosi shahzoda Mirhazor (Mirzo Muhiddin) Boburiylar sulolasining ayollari tomonidan Kashmirga qochirib yuboriladi. Keyinchalik ingliz razvedkasi shahzoda haqida xabar topgach, u Kashmir-Kobul orqali Movarunnahrga keladi va Buxoro amirligida yashab, shu erda oila quradi.

Biroq, 1920 yilda Buxoroni egallagan Frunze boshliq qizil qo`shinlar shahzoda Mirhazorni otib tashlaydi va Zayniddin Mavlonovning otasi, Boburning 14-avlodi Nosiriddin Mirzoni oilasi bilan Sirdaryo (oldingi Mirzacho`l)ga surgun qiladi. 

Sirdaryoning Boyovut tumanida yashagan Boburiylar sulolasining bu avlodlarini hech kim bilmaydi, chunki bu sulola vakillariga ko`plab tahdidlar bo`lgani sabab, ularning uyida "Kimligingni hatto qo`shniga ham aytma", degan qoida bo`lgan. 

Ammo oyni etak bilan yopib bo`lmas deganlaridek, Boburiylar sulolasining davomchisi bo`lgan ushbu oila haqida asta-sekin ko`pchilik xabar topadi. Boshida ko`pchilik ishonmagan. Ammo shajaraning davomchisi bo`lgan Zayniddin Mavlonov ko`plab hujjatlar, kitoblarni o`rganib, haqiqatdan ham Mirzo Boburning avlodi ekanligini ko`pchilikka isbotlaydi.

Bundan tashqari, Zayniddin aka Mavlonov hozirda Zahiriddin Muhammad Boburning qiz tarafdan avlodlari Hindistonda ekanligini, ular Zayniddin aka bilan ko`rishishni unchalik xohlamaganini ham aytib o`tdi. O`zbekistonda Boburning o`g`li tarafdan avlodlari borligini isbotlansa, Hindiston hukumati ularga Tojmahaldan tushadigan mablag`dan ulush ajratilishidan havotirlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар