Qo`qonlik neotabib, bionur sohibi Iqbol Soliev haqida ijtimoiy tarmoqlarda qarqalayotgan shov-shuvlar va qo`riqchilar qurshovida yurgani aks etgan videolavha tegishli organlarning e`tiborini tortgan.
Ma`lum bo`lishicha, Bosh prokuratura matbuot xizmati «qo`qonlik tabib»ning tan soqchilari javobgarlikka tortilganini xabar qilgan.
I. Soliev o`ziga murojaat qilgan bemorlar o`rtasida jamoat tartibini saqlash maqsadida, Qo`qon shahrida ro`yxatdan o`tgan «XXU» MChJ bilan shartnoma tuzib, ushbu jamiyatning to`rt nafar xodimini o`ziga qo`riqchi sifatida yollagani aytilmoqda.
Qo`riqchilar qonunga xilof ravishda kiyingani uchun ularga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlikka oid bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Iqbol Solievning tabiblik faoliyati yuzasidan nazorat tadbirlari olib borilayotgani aytilgan.
Ma`lumki, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga ko`ra, rasmiy tashkilot xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish ma`muriy javobgarlikka sabab bo`ladi.
Iqbol Solievning o`zi ham tabiblik faoliyatini to`xtatganini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma`lum qildi.
Ma`lumot uchun, Iqbol Soliev tabib sifatida o`zini namoyon qilishidan avval Qo`qonda qo`shiqchilik bilan tanilgan.