Taqiq va cheklovlar “hukmdori” — Xayriddin Sultonov yana katta sahnaga qaytmoqdami?

13.02.2024 11:24

O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasida xorijiy filmlarga cheklovlar o`rnatilmoqda

Mantiqan haqiqatga to`g`ri keladigan ma`lumotlarga ko`ra, Rossiya tarafdan tez-tez kelayotgan “sovuq ovozlar”ga sukut bilan javob bergan MTRK hamda Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbarlari ishdan olingan edi.

MTRKning 19 yillik raisi almashganidan so`ng xodimlar bilan birga tomoshabinlar ham televidenieda qandaydir o`zgarish va islohotlar qilinishidan umidvor bo`lishi tabiy hol.

Yangi rais Abdurashid Jo`raboev sobiq rais xatolarini to`g`rilash uchun telekanallar dasturlariga bir qancha cheklovlarni kiritgan. Ayni kunlarda MTRKning barcha telekanallarida soat 16:30 dan 23:00 gacha xorijiy filmlarni berish taqiqlangan. Olingan bu qaror mafkuraviy masalalarga yana “eski tafakkur”lar aralashayotganini anglatadi. Chunki ish “yurmay” qolganda dushman qidirish, “aybdor” tendensiyalarni o`ylab topish va taqiqlash ayni o`sha, o`tgan zamonda ko`rgan siyosatimizning bir jilvasi. Bugungi ochiq dunyoda yashayotgan, erkin fikrli odam uchun juda jo`n va kulgili tuyiladigan bunday usullar jamiyatni “tarbiyalash” vaji bilan yuzaga chiqadi, odatda. Ammo bu ishni qilayotgan strateglar bilishmaydiki, jamiyatdagi mafkuraviy tafakkur taraqqiyotiga to`siq bo`layotgan omil, masalan, chet el filmlari motivida emas, balki o`zimiz qabul qilayotgan g`aroyib qarorlarning ichida berkinib o`tiribdi.

Sobiq Sho`rolar 70 yil xalqni tarbiyalash bilan shug`ullandi, mustaqillik yillarida o`zimiz ham bu ishning etagini qo`ymadik. Oqibat nima bo`ldi?..  

Eng qizig`i, bu taqiq va cheklovlar nafaqat davlat telekanallariga, hattoki, xususiy telekanallarga ham taalluqli ekan. Ochig`i, odamning kulgisi keladi, internet rivojlangan, buning ustiga, TVning auditoriyasi keskin toraygan bir sharoitda, bu qaror qaysi aqlga to`g`ri keladi? Bor tomoshabinni ham yo`qotish uchun hozirlik emasmi? Biz qaysi zamonda yashayotganimizni bu mafkurachilarimiz bilishadimi?

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistondagi barcha teleradiokanallarni nazorat qilish Karimov davrining bosh ideologi bo`lgan Xayriddin Sultonovga topshirilganligi aytilmoqda.

Bu esa taqiq va cheklovlar “hukmdori” yana katta sahnaga qaytganini anglatadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар