Oliy Majlis Senatining 2023 yil 20 dekabr kungi majlisida Senat raisi Tanzila Norboeva Toshkent shahrining ko`chalarida qurilgan ko`priklarda lift va eskalatorlar ishlamayotgani, bu esa piyodalar hayotini xavf ostiga qo`yayotganini ta`kidlagan edi.
“Ko`priklar o`zi aholiga qulaylik yaratish uchun qurilgan. Shunday ekan, ulardagi lift bo`ladimi, eskalator bo`ladimi, yoki boshqa biror qurilma bo`ladimi, barchasi risoladagidek ishlashi zarur. Toshkent shahar hokimligi, idoralar, vazirliklar bu masalani o`rganishi kerak. 10 kun muddatda bizga echim ko`rsatilgan takliflarni berasizlar”, — degan edi Senat raisi.
Ammo hamon ko`p hollarda ularning ishlamayotganiga guvoh bo`lamiz. Aslida aholining og`irini engil qilish uchun yaratilgan ushbu lift va eskalatorlar doim ham ishlaydimi? Bunga aniqlik kiritish maqsadida ushbu savol bilan biz jamoatchilikka yuzlandik.
Shu erdan doimiy ish va o`qishga qatnaydigan aholi vakillari savolimizga quyidagicha javob berdi:
- Liftlar har doim ishlaydimi?
- Bu tomondagisi deyarli umuman ishlamaydi, narigi tomondagisi ishlaydi. Men o`zi liftdan foydalanmayman, zinadan chiqaman. Yoshi kattalar, qariyalar ko`pincha shikoyat qilishadi. Ichida odami qolib ketgan paytlari ham bo`lgan.
- Har doim emas. Ko`p holda ishlamaydi, chunki bolam bilan “kolyaska”da qiynalgan paytlarim ko`p bo`lgan.
- Anig`ini bilmayman, chunki ko`p chiqmaganman. Ba`zida ishlamaydi lekin.
- Ishlasa kerak, bir-bir chiqib turamiz.
- Lift yo`qku. Ishlamaydi ko`rmaganman.
- Lift oldinlari ishlab turardi, lekin chiqmayman. Chunki ertalab kelganimda ishlamaydi.
- Biror marta chiqmaganman. Liftga ehtiyojim bo`lmagan, chunki ko`p holda ishlamaydi.
- Yo`q, men lift ishlaganini ko`rmaganman
- Yo`q men hali ko`rmaganman ishlaganini, faqat zinadan tushib chiqaman.
- Ba`zida ishlab turadi, lekin ko`pincha ishlamaydi.
2023 yil 20 dekabrda o`tkazilgan majlisga esa, deyarli ikki oy bo`lmoqda. Biroq hali hech qanday echim berilgani yo`q. Ma`sullardan ushbu holatga chora ko`rishlarini so`rab qolamiz.