Tashabbusli byudjet: aholisi kam mahallalarga nega alohida kategoriya qilinmadi?

04.02.2024 10:48

Tashabbusli byudjet loyihasining o`tgan yilgi mavsumida ham xuddi shunday matbuot anjumani o`tkazilgandi. "G`olib bo`lolmayotgan, ovoz yig`olmayotgan aholisi kam mahallalarga alohida kategoriya qilinadimi?", mazmunidagi Rost24.uz muxbirining savoliga, o`ylab ko`ramiz, degan javob olingan edi. 

Bu yil alohida kategoriya qilindimi? Ya`ni, aholi kam bo`lgan mahallalar uchun alohida, ko`p bo`lgan mahallalar uchun alohida. Tabiiyki, aholi kam bo`lgandan keyin ovozlar soni ham kam bo`ladi. Bu bo`yicha qanaqa o`zgartirish kiritildi?

Rost24.uz muxbirining ushbu savoliga Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhamedov javob berdi:

"Kategoriya e`lon qilish bo`yicha turli xil fikrlar bor edi. Lekin bu o`zgartishlar 2024 yilning 1 mavsumidan kiritilmaydi. Bu yilda bir fuqaro bir ovoz tamoyiliga o`tishimiz sababli, birdaniga uni kiritishimiz ko`plab tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Oldingi sharoitda fuqarolarimiz tomonidan ko`plab sim kartalar orqali ovozlar berilganda buni aniq baholashning imkoniyati mavjud emas edi. Haqiqatda kichik mahallada yoki katta bir mahallalarda yashaydigan fuqarolar ushbu jarayonda to`liq ishtirok etadimi, qay darajada ishtirok etayotganligini baholash imkoniyati mavjud emas edi. Shu sababli, endi bir fuqaro bir ovoz tamoyilini joriy qilgan holda ushbu tamoyilni ishlatib ko`rib, undan keyin katta bir mexanizmlarni yoki kam fuqaro yashaydigan hududlarga boshqa yo`llarni o`ylab ko`rishni maqsad qilganmiz", dedi Sh.Muhamedov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар