Milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga egami?
Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 389-sonli qarorida yangi milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga ega, deb belgilab qo`yilgan.
Ma`lum bo`lishicha, bundan keyin yangi haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda parvozga ro`yxatdan o`tish mumkin. Buning uchun “Uzbekistan Airports” tasarrufidagi aeroportlarning faoliyati respublika transport sohasiga oid hujjatlar, jumladan, o`zgartish va qo`shimchalar bilan tartibga solinadi hamda yuqori vazirlik va idoralar tomonidan ijro uchun yuboriladi.
Aytilishicha, hozirda aeroportlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadigan va yo`lovchilarga ulardan foydalangan holda ichki yo`nalishdagi reyslarga ro`yxatdan o`tish huquqini beruvchi hujjatlarning (haydovchilik guvohnomasi, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va boshqalar) yakuniy ro`yxatini idoralararo tasdiqlash ishlari yakunlanmoqda.
Ma`lumot o`rnida, bundan avval sobiq deputat Rasul Kusherbaevga tegishli Telegram kanalida "Uzbekistan Airways" AJ bir fuqaroning haydovchilik guvohnomasini tan olmagani haqida xabar berilgan edi.
Xabarda aytilishicha, ushbu fuqaro Nukusga elektron aviachipta sotib olgan. Aeroportga kelib, pasporti yonida emasligi sababli haydovchilik guvohnomasini ko`rsatgan, ammo aeroport xodimlari guvohnomani tan olmagan.
"Xullas, aeroportda uchramagan odamim qolmadi, menga biletni berishmadi. Men Nukusga 486 000 so`mga aviachipta sotib olib, 300 000 so`mga taksida ketdim", — deb yozgan edi murojaatchi.