O`zbekistonda minimal iste`mol xarajatlari qiymati 2024 yil uchun bir oyda kishi boshiga 621 ming so`m etib belgilandi. O`tgan yili bu summa 568 ming so`mni tashkil qilgan edi.
Hukumat tomonidan belgilangan bu summa O`zbekistonda bir kishining bir oylik xarajatiga etadimi? Ushbu mavzuda aholi fikri bilan qiziqdik.
- 621 ming so`m bir kishiga bir oyga etadimi?
- Yo`q, etmaydi.
- Berayotgan savolingizning o`zi g`alati-ku. Qanday qilib 621 ming so`m etadi? Hech narsaga etmaydi.
- U yana oldingiga o`xshab gapirib chiqibdi-da? Shu odamni menga topib beringlar, men bir kun shu odam bilan bozor qilib chiqay, yonida yurib.
- Misol uchun menga etmaydi.
- Qanaqasiga etadi? O`zimni boqolmayapman-ku. Nima beradi, hech narsa bermaydi. Hozir hamma narsa oshib ketgan bo`lsa. Qanaqasiga biz narsa ololamiz? To`lovlar bor buyoqda, bola-chaqa, hammasiga qilmasang bo`lmaydi.
- Bu haqida necha marta aytilgan, baribir o`zgarish bo`layotgani yo`q. Nechchi yildan beri shu muammo ko`tariladi, lekin hech kim ahamiyat bermaydi bunga. Hozirgi paytda oilani boqish uchun oylik kamida 10 million bo`lishi kerak.
- Albatta yo`q, buni hamma biladi-ku, nima keragi bor berkitishni? Bizni yashayotgan sharoitimizga, narx-navomizga judayam to`g`ri kelmaydi.
- Menimcha, qiyin masala. Etmaydi.
- Bilmadim, endi hammani oladigan xarajatiga, narsasiga qarab-da, o`rta me`yor bo`lsa balki etar. Bilmadim yana.
- Etmasa kerak bir oyga.
- Yo`q, menimcha etmaydi. Hozirgi davrda etmaydi.
Minimal summa miqdori qancha bo`lsa etgan bo`lardi?
Ushbu savolga ham turlicha javoblar oldik.
- Minimal kamiga 2 million, 2.5 million bo`lishi kerak.
- 5 million bo`lsa o`zimga etardi.
- Qancha ko`p bo`lsa shuncha yaxshi.
- 3-4 million atrofida.
- 2.5 million oralig`ida.
- Minimal summa 1 million bo`lsa etadi. 600 ming kvartira puliga berilsa, qolgani boshqa narsalarga.
- Kuniga kamida 50-100 ming so`m ketadi. Oyiga 3 million.
- Har xil, vaziyatga qarab-da. Masalan 1 million etadi.
- 4-5 million.
- Men endi pensionerman. Pensiyam etadi.
- 1.5 million.
- Endi bu, bilasizmi insonning o`ziga bog`liq.
- 10 million bo`lsa hozirgi kunda etadi.
Siz nima deb o`ylaysiz, aslida minimal summa miqdori qancha bo`lishi kerak?