Senat aldashni uddalay olmadi

27.01.2024 16:32

"Milliy qonunchiligimizda ichki ishlar organlari xodimlarini tasvirga olishga hech qanday ta`qiq qo`yilmayapti" nomi bilan 11 yanvar kuni e`lon qilingan Senatning bayonotida mazkur norma qator chet davlatlarda ham mavjudligi aytilgan. Biroq ushbu bayonotdagi ayrim ma`lumotlarni internetda tekshirib ko`rish orqali Senat birmuncha chalg`ituvchi noxolis axborot berganligiga guvoh bo`lish mumkin. 

Masalan, Senatning 11 yanvardagi xabarida Buyuk Britaniya qonunchiligida mavjud, deya qonundan so`zma so`z misol keltirilgan:

"Buyuk Britaniyada ko`chalarda yoki binolarda xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni ta`qiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko`ra xizmat vazifasini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera yoki videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin".

BBS bergan haqiqiy ma`lumotda esa Senat mutlaqo yolg`on ma`lumot berganligi isbotlangan:

Oliy majlis senati Buyuk Britaniya parlamenti tomonidan 2000 yilda qabul qilingan "Terrorchilikka qarshi kurash" to`g`risidagi qonunni tilga olgan. Ushbu qonunning 2 ta moddasida haqiqatdan ham polisiya xodimini tasvirga olishni to`xtatishni talab etish va yozib olish qurilmasini musodara qilishga haqli ekanligi aytilgan. Ammo faqatgina polisiya xodimi shaxsning terrorchi ekani yoki olingan tasvir terrorchilik harakatlari uchun ishlatilishiga kuchli va asosli shubhaga ega bo`lsagina shunday qilishga haqli. Agar bu shubhasi o`z tasdig`ini topmasa polisiya xodimining o`zi javobgarlikka tortiladi. 

London markazida tartibni saqlashga mas`ul bo`lgan "Metropoliten Polis" veb-saytida aholi uchun e`lon qilingan tavsiyalarda masalaga yanada oydinlik kiritilgan. Ya`ni aholi va matbuot vakillari jamoat joylarda tasvirga olish uchun ruxsat so`rashga majbur emas, hamda polisiyaning holatlar va polisiya xodimlarining suratga olinishini to`xtatish vakolati mavjud emas. Bu qoida Britaniya polisiyasining barcha boshqarmalari tomonidan birdek qabul qilingan. Bundan tashqari Britaniya polisiyasi zimmasiga voqea joylarida  huquq tartibot organlari faoliyatiga halal bermagan holda matbuot vakillari uchun jarayonni kuzatuv, suratga olish nuqtalarini imkon qadar yaratib berish vazifasi ham yuklatilgan. 

Senat demokratik davlatlardan yana biri – Germaniya tajribasini ham misol keltirgan:

"Germaniyada polisiya xodimlarini suratga olish ta`qiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va internetga joylashtirish ta`qiqlangan". 

BBS:

Bu jumla bir tomondan to`g`ri yana boshqa tomondan chalg`ituvchi axborot hisoblanadi. Haqiqatdan Germaniyada shaxsiy huquqlar qonun bilan himoyalanadi. Jamoat joyida alohida shaxsni beruxsat suratga olish va uni tarqatish mumkin emas, polisiya xodimlari ham ayni fuqaroviy huquqlardan foydalanadilar. Biroq, polisiya xodimlari tasvirlarini tarqatishni ta`qiqlovchi biror alohida qonun yoki norma Germaniya qonunchiligida mavjud emas. Bundan tashqari Germaniya qonunlari jamoatchilik manfaatini shaxsiy huquqlardan ustun qo`yadi. Agar siz nemis polisiya xodimi o`z vakolatidan chetga chiqib fuqaroviy huquqlarni toptayotgani yoki boshqa qonunni buzayotganiga guvoh bo`lsangiz, bu harakatlarni tasvirga olib tarqatishingiz mumkin.

Senat bayonotida xalqaro tajriba deya keltirilgan navbatdagi asosni ham mutlaqo noto`g`ri ma`lumot deyish mumkin. Ya`ni Senat Fransiya qonunchiligini ham misol keltirgan:

"Fransiyada bir va boshqa operasiyalar davomida polisiya xodimlari yoki jandarmalar shaxsni identifikasiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish 1 yillik qamoq va 45 ming evro jarima bilan jazolanadi"

BBS:

2021 yil aprelida Fransiya parlamenti polisiya xodimlarining yuzi yoki ism sharifi ochiq ko`rinib turgan suratlarni g`araz maqsadlarda internetda tarqatganlik uchun jazolashni ko`zda tutuvchi bandi bo`lgan qonunni haqiqatdan ma`qullagan. Qonunning ilk tahririda bunday huquqbuzarlik uchun 1 yillik qamoq va 45 ming evro jarima qo`llash ko`zda tutilgan.

Ammo Oliy majlis senati xabarini yozganlar qonunning yakuniy tahririda jazo choralari og`rilashtirilib, qamoq muddati 5 yilgacha, jarima miqdori esa 75 ming evrogacha oshirilganidan bexabar qolishgan ko`rinadi. 

Bundan tashqari ushbu qonun bo`yicha  ayrim polisiyachilar suratlarini ta`qiqlashni ko`zda tutuvchi band o`sha yilning may oyida Fransiya konstitusiyaviy sudi tomonidan mamlakat asosiy qonuniga zid bo`lgani uchun bekor qilingan. Ya`ni hozirda Fransiyada polisiyachilar suratini tarqatuvchi ushbu norma amalda emas.

Xulosa o`rnidan: 2020 yil 19 dekabrda Senatning o`zi tasdiqlagan O`zbekiston Respublikasi Qonuniga (O`RQ-658-son) ko`ra, yolg`on ma`lumot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Qonunga amal qilinadigan bo`lsa, Senat jazolanishi kerakmi, degan haqli savol paydo bo`lmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар