“Oliy ta`limimizga tutilgan ko`zgu” sarlavhasi ostida oliy ta`limdagi jarayonlarni aks ettirgan tanqidiy maqola e`lon qilgan edik. Unda talaba qizning bir semestr mobaynida ko`rgan-bilganlari bo`yicha xulosasi bayon etilgan.
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining 3-bosqich talabasi mazkur maqolaga javob sifatida munosabat bildiribdi.
Rost24.uz jamoasi munosabatda keltirilgan so`zlarga qo`shilmasada, talabaning fikrlarini ikkinchi taraf sifatida to`lig`icha e`lon qilishga qaror qildi. (Eslatma, munosabatni talaba yozganmi yoki oliygoh ma`muriyati yozganmi, bunisi bizga qorong`u.)
Talaba munosabati:
Illat izlaganga illatdir, hikmat izlaganga hikmatdir bu dunyo. Eng avvalo, niyatni to`g`ri qilish kerak, deb hisoblayman.
Oliygohlarda formani muammo qilib ko`tarishga ketkazilgan vaqtni ilm olishga, izlanishga sarflashni ma`qul ko`raman. Tartib va intizom ham kerak qaysidir ma`noda.
Davomat masalasiga keladigan bo`lsak, bu borada ham fikrim aniq. Davomat qilinishi shart, yani talabalar doimiy tarzda ilm olish uchun kelishlari lozim. Davomat muhim emas, bilim o`zlashtirilsa bo`ldi, desangiz qattiq adashasiz. Oddiygina sho`rva tayyorlayotganda maza bersa bo`lgani, deb go`shtni qozonga bir solib, so`ngra qaytarib olmaysiz-ku. Uning mazasi yaxshi chiqishi uchun, bir maromda qaynatasiz. Ana shundagina asl mazzali sho`rva tayyor bo`ladi. Boshqa oliygohlarda bilmadimu, men tahsil olayotgan TDTU OFda talabalar hech qanday majburiy to`garaklar, tadbirlar va hokazolarga jalb etilmaydi. Istasang, dars mashg`ulotlaridan so`ng uy (yotoqxona, ijara xonadoni)ga ket, istasang, qolib kutubxonadan foydalan, sport to`garaklarida qatnash, teatr va yumoristik sahna asarlariga tayyorlan va o`z imkoniyatlaringni sinab ko`r!
3-bosqich talabasi bo`lsam, biron marta stipendiyani kechikib tushganini eslay olmayman. Iqtidorli talabalar stipendiyaga qo`shimcha rag`bat olishganiga guvoh bo`ldim, ammo stipendiya tushmayabdi degan gap hatto qulog`imga chalinmadi. Konspekt borasida bir gap aytmoqchiman: kezi kelganda bozordan olinadigan mahsulotlar ro`yxatini yozib olamiz, kelajakda bizni nonimiz bo`ladigan kasb-hunarimizga oid ma`lumotlarni yozishimiz qanaqasiga kerak bo`lmasligi mumkin, ochig`i hayronman. Yakuniy imtihonlar ham juda sodda: savollarga javob ber va tamom. Albattab savollarga javob berish uchun semestr mobaynida o`qish lozim. Qayd etilganidek, atigi bir semestr o`qib xulosa qilish bu mantiqsizlik. Hech bo`lmasa, bir o`quv yilini tugatmagan bir semestrlik talabadan O`zbekistondagi oliygohlar borasida xulosa olish, fikrimcha, to`g`ri emas. Vaziyatga boshqa rakursdan qarashni boshlashimiz kerak. Qachongacha faqat muammo deymiz? Qachon taklif berishni o`rganamiz? Qachon echim topamiz? Deylik, bizda o`sha muammolar bor ekan, xo`p, unga sizda echim bormi?
Siz ko`tarayotgan muammolarni hal qilish uchun, o`zbekistonlik sifatida, shu xalq, millat farzandi sifatida, jillaqursa, taklif bormi?
Asadbek Abdazim,
TDTU OF talabasi, Yoshlar etakchisi