Jurnalistik surishtiruv o`tkazish Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi – Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslikka kiradimi?
Maqola tayyorlash uchun borgan "Novosti Uzbekistana" nashri xodimi ichki ishlar xodimlari tomonidan asossiz olib ketilgan.
Ushbu holat 14 yanvar kuni Nuz.uz jurnalisti Mixail Davlatov Uchtepa tumanidagi murojaatchilar bilan uchrashishi va ular bilan 150 ga yaqin garaj va 98 ta daraxt o`rniga bolalar bog`chasi qurilayotgani to`g`risida o`rganish olib borishi kerak bo`lgan. Davlatov aholi bilan ko`rishish uchun borishdan oldin hokimlik vakillari, ekolog va boshqa ekspertlarni ham taklif qilgan.
Jurnalistning ma`lum qilishicha, u voqea joyiga borganida 50 metr narida ayrimlari huquq-tartibot organlarining formasida bo`lgan bir guruh erkaklar va Isuzu avtozakiga ko`zi tushgan.
“Ularning yonidan o`tar ekanman, menga murojaat qilishayotganini eshitib qoldim, o`girilganimda fuqarolik kiyimidagi bittasi meni chaqirdi.
Yoniga borib, gap nimada ekanini bilmoqchi bo`ldim. U esa, bu erda chekish taqiqlanishini aytdi. Men atrofda tamaki chekishni taqiqlaydigan biror belgi yo`qligini bildirdim. U bo`lsa, bu er jamaot joyi hisoblanishi va bu erda chekish umuman mumkin emasligini aytdi”, — deydi jurnalist.
Jurnalist chekish mumkin emasligini bildiradigan belgi yo`qligini aytsa ham hech qanday asos ko`rsatmasdan tumandagi 2-sonli ichki ishlar idorasiga olib ketilgan va texnikalari olib qo`yilgan. Chekish mumkin emasligini vaj qilib ko`rsatgan huquq tartibot organlari idorada jurnalistdan nima uchun miting tashkillashtirmoqchi ekanini so`ragan. Jurnalist bir necha soat IIO FMBda ushlab turilgan va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo`yicha javobgarlik belgilangan.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`lganidan keyin AOKA holat yuzasidan Bosh prokuraturaga so`rov xati yuborgan.
Yaqindagina, 12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashining yig`ilishida bugungi kunda media maydondagi axborot kurashiga ham alohida to`xtalib o`tib, “Jurnalist haq bo`lsa, buni tan olishimiz kerak”, degan edi.
Oradan 3 kun o`tib, Ichki ishlar xodimlari jamiyatdagi muammolarni o`rganish uchun borgan jurnalistni belgilanmagan joyda tamaki chekish mumkin emas, degan vaj bilan xonaga olib kirishgan. Ichkarida esa, Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlikda ayblab, jarimaga tortishgan.
Shu erda haqli ravishda kulgili savol tug`iladi: jabrlangan aholining murojaatini o`rganish Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlikka kiradimi?