Byudjet kamomadi ortib borayotgan bir paytda ayrim soliq to`lovchilarga imtiyozlar berildi

15.01.2024 15:51

Davlat soliq qo`mitasining xabar berishicha, 1 yanvardan boshlab quyidagi sohalar bo`yicha soliq to`lovchilarga imtiyozlar berilgan:

– 2024 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar "Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash kompleks dasturi”da ishtirok etadigan tijorat banklarining loyihalar uchun ajratilgan bank kreditlari bo`yicha olingan foizlar tarzidagi daromadlari foyda solig`ini hisoblab chiqarish maqsadlarida chegiriladigan xarajatlar sifatida e`tirof etiladi.

– 2024 yil 1 yanvardan 2027 yil 1 yanvarga qadar “Izlanish va rivojlanish” markazlarining ob`ektlari va ular egallagan er uchastkalari uchun yuridik shaxslarning mol-mulk va er soliqlari bo`yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida, shuningdek ijtimoiy soliqning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkasi bo`yicha to`laydi.

– 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrga qadar Qimmatbaho, rangli va (yoki) radioaktiv metallarni, nodir elementlarni hamda nodir er elementlarini qazib oluvchi va (yoki) ularni texnogen mineral hosilalardan ajratib oluvchi, shuningdek uglevodorod xomashyosini qazib oluvchi yuridik shaxslarga nisbatan maxsus renta solig`i solinmaydi. Mazkur qoida 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrga qadar bo`lgan davrda qazib olish boshlangan er qa`ri uchastkasiga nisbatan qo`llaniladi va metallarni yoki uglevodorod xomashyosini qazib olish (ajratib olish) bo`yicha faoliyatni amalga oshirishning butun davri uchun tatbiq etiladi. 

Ushbu qonun bozor qoidalari va sog`lom raqobat tamoyillariga zid ekaniga, bu orqali davlat millionlab soliq tushumini yo`qotishiga qaramay, deputatlarimiz bu qonunni yoqlab ovoz berdi. Mazkur holat qonun ishlab chiqilishida korrupsiya alomatlari borligi yoki buyurtma asosida tayyorlangan hujjat degan taxminlarni yuzaga keltirdi.

Shuningdek, 2028 yil 1 yanvarga qadar xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan va jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovar (xizmat)larni realizasiya qilishga doir aylanma QQSdan ozod qilinadi (Soliq kodeksi 483-moddasi).

2023 yil yakuniga ko`ra, davlat byudjeti profisitga erishishi prognoz qilinganiga qaramay, defisit kutilganidan oshib ketdi. 2023 yilning yanvar-avgust oylarida O`zbekiston davlat byudjeti taqchilligi 39 trln so`mga etdi. Bu o`tgan 2022 yildagi umumiy konsolidasiyalashgan byudjet defisitidan (35,2 trln so`m) ham ko`p. Bundan tashqari, davlat qarzi rekord darajada oshib, 31,5 mlrd AQSh dollarga etdi.

Bunday sharoitda davlatga soliq tushumini kamaytiradigan qonun ishlab chiqish qanchalik to`g`ri? Aslida, tadbirkorlarga "o`yin qoidalarini" tez-tez o`zgartirib turadigan boshqaruv tizimi emas, sof raqobatni ta`minlaydigan, mustahkam qonun hujjatlari va erkin bozor muhiti kerak emasmi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар