O`zbekiston prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo`yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti Linkedin sahifasiga Sardor Umrzoqov bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari bo`yicha hisobot tarzidagi xabarini joylashtirdi.
Suma Chakrabartining ma`lum qilishicha, u Sardor Umurzoqov bilan birga O`zbekiston istiqboliga doir iqtisodiy masalalar bo`yicha bir qancha loyihalarni amalga oshirayotgan ekan.
“Toshkentga oxirgi tashrifimdan hozirgina qaytdim. Yaqin do`stim, O`zbekiston Prezidentining maxsus maslahatchisi Sardor Umurzoqov bilan birgaman. U O`zbekistonni iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha bir qancha loyihalarni muhokama qilishni taklif qildi”, – deydi Suma Chakrabarti.
Suma Chakrabarti O`zbekistonning xalqaro miqyosda reytingini oshirish, xorijiy investorlarni jalb qilish, ularning ishonchini oshirish maqsadida, yangi xalqaro tijorat sudini tashkil etish bo`yicha ishlar olib borayotganini aytgan. Shuningdek, bunday ulkan loyihalarni amalga oshirishda Sardor Umurzoqovning yordami va qo`llab-quvvatlashi juda muhimligini ham bildirib o`tgan.
Xorijiy maslahatchining yuqoridagi so`zlaridan anglashiladiki, Sardor Umurzoqovga iqtisodiy masalalarda ma`uliyatli ishlar topshirilgan.
“Shu masalalarni muhokama qilish uchun biz Prezident Mirziyoev huzuriga birga bordik. Shundan so`ng Ppezident 2024 yilga mo`ljallangan islohotlar bo`yicha ish rejamizni tasdiqladi. Shavkat Mirziyoev bilan uning maxsus maslahatchisi Sardor Umurzoqov ko`magida juda samarali uchrashuv bo`ldi”, – deyiladi Suma Chakrabarti qoldirgan hisobot tarzidagi izohning so`nggida.
Bu so`zlardan esa, Sardor Umurzoqov hali ham Prezident yonidan uzoqlashmaganligini anglash qiyin emas.