Soliq kodeksiga “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subektlariga, ular yaratgan yangi ish o`rinlariga qarab tegishli soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etishni nazarda tutuvchi qo`shimchalar kiritildi.
Xususan, ushbu Kodeksda ko`zda tutilgan qo`shilgan qiymat, foyda solig`i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish o`rinlari soniga qarab bo`lib-bo`lib to`lash imkoniyati taqdim etilmoqda. Jumladan:
— 51 tadan 100 gacha yangi ish o`rin yaratilganda - uch oygacha;
— 101 tadan 200 gacha yangi ish o`rin yaratilganda - olti oygacha;
— 200 tadan ortiq yangi ish o`rin yaratilganda - o`n ikki oygacha, etib ifodalandi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bunda bo`lib-bo`lib to`lash soliq to`lovchining murojaati asosida hamda belgilangan foizlar hisoblanmagan holda, shuningdek ushbu Kodeks 101-moddasining ikkinchi qismida ko`rsatilgan hujjatlarni taqdim qilmagan holda va moliyaviy holati tahlil qilinmasdan taqdim etiladi.
Shuningdek, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk solig`i va er solig`idan imtiyoz berilmoqda.
Bunda, soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik subektlari tomonidan yangi ish o`rinlar sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
— 51 tadan 100 tagacha yangi ish o`rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;
— 101 dan 200 tagacha yangi ish o`rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;
— 200 dan ortiq yangi ish o`rinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni to`lashdan ozod etiladi.
Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori bir baravaridan kam bo`lmagan ish haqini to`lab bandligini ta`minlashi kerak.