Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklar qayd qilingan bazasi o`chib ketganligi rad etilgan xabarning o`zi rostmikan?
Kecha O`zbekiston bo`ylab, foto-video kameralar orqali qayd qilingan huquqbuzarliklar bazasi o`chib ketganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu ma`lumotga aniqlik kiritish uchun Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatiga bog`lanishning imkoni bo`lmadi, navbatchi telefon raqamlari bergan telefonlarni ham hech kim ko`tarmadi.
Ommaga izoh berilishi har tomondan “blokirovka” qilinganiga qaraganda, O`zbekiston bo`ylab, foto-video kameralar orqali qayd qilingan huquqbuzarliklar bazasi o`chib ketganligi rostga o`xshaydi, degan taxmin o`zini oqlamoqda.
Ayni shu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan vaqtda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G`iyosov esa o`zining telegram sahifasida faqatgina “Feyk” degan so`zni qoldirdi xolos. Ammo bu birgina mavhum so`z qaysi ma`lumotga taalluqli ekanligiga izoh berilmagan.
Shu kunlarda ichki ishlar vaziri almashishi haqidagi xabarlar ham ijtimoiy tarmoqlarni qamrab olgan edi. Shohrux G`iyosovning izohsiz “Feyk” so`zi balki shu xabarga taalluqlimikan? Shu kabi javobsiz savollar esa, shubha-gumonlarda haqiqat borligiga ishora bermoqda.