Poytaxtni sahroga aylantirganlarga faqat xizmat tekshiruvi o`tkaziladimi?

04.01.2024 15:57

Toshkent shahrida oxirgi ikki yilda daraxt kesish holatlari avj oldi. Poytaxt havosi ham, daraxt kesilish holatlari ko`paygani sababli, havosi ifloslangan mamlakatlar orasida yuqori o`rinni egallab kelmoqda. Hatto Toshkent havosi nafas olish uchun zararli ekanligi ham ko`p bora aytildi. Lekin bu vaziyat ham daraxt kesish holatlarini kamaytirgani yo`q. 

Daraxtlarni saqlab qolish uchun qilingan moratoriy davrida ham 44 mingga yaqin daraxt kesilgan edi. Daraxt kesishga chora har yili kuchaytiriladi, ammo natija yo`q. Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig`i Farhod Dehqonovga nisbatan faqat xizmat tekshiruvi o`tkazilishi ham qonun qay darajada ishlayotganining isboti emasmi? 

Shuningdek, ekologiya vazirligi ushbu holatga nisbatan bayonot berib, boshqarma boshlig`i vaqtincha ishdan chetlatilganligini aytdi, lekin 2022 yil sentyabrda Farhod Dehqonov aynan shu daraxt kesilish holatlariga sharoit yaratib berganligi uchun hibsga olingan edi. Qamoqqa olingan va tergovga tortilgan shaxs yana qanday qilib o`z lavozimida o`tirishi mumkin? 

Bundan tashqari, daraxt kesilish holatlari kecha paydo bo`lgani yo`q. Buning ortidan sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev hayfsan olgan, Chilonzor tumanining sobiq hokimi Sh. Mavlonov va I. Bozorovlar lavozimidan ozod etilgan edi. 

Aslida qonunda belgilangan tartibda jarima, axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash kabi jazolar qo`llanishi kerak bo`lgan vaziyatda, ikki yildan beri avj olib kelayotgan daraxt kesilish holatlariga nega yana xizmat tekshiruvi o`tkazilyapti? Nega xizmat tekshiruvi oldinroq boshlanmagandi? Ekologiya vazirligi qachon amaldorlarga nisbatan jazoni kuchaytirish choralarini ko`radi? 

Ma`lumot uchun, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 79-moddasiga ko`ra, daraxt, butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo`q qilish yoki boshqa joyga ko`chirib o`tkazish: fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha; mansabdor shaxslarga esa, 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima qo`llashga asos bo`ladi.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар