Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan IIB xodimini tasvirga olish haqidagi qonun loyihasi Senatda ko`rilmadi.
IIV amaldagi Konstitusiya va "Ichki ishlar organlari to`g`risida"gi qonunga qarshi chiqishda davom etadimi?
Huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarni tasvirga olganlarni 15 sutkagacha qamab qo`yish haqidagi qonun loyihasini deputatlar tasdiqlab bergan edi.
Yangi tahrirga ko`ra, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini foto va videotasvirlar orqali obro`sizlantirish maqsadida, ya`ni yolg`on, noaniq yoki buzib ko`rsatilgan ma`lumotlar internetga joylashtirilmasligi kerak.
Agar joylashtiruvchi fuqaroning maqsadi IIB xodimlarini obro`sizlantirish bo`lsa, u 15 sutkagacha qamaladi.
Deputat Doniyor G`aniev Jinoyat kodeksida obro`sizlantirishga oid (202-2) modda borligini aytib, ma`lum bir kasb egalari uchun alohida modda qo`shish shartmi, degan savolni o`rtaga qo`ygan, ammo bunga ham boshqa deputatlar e`tibor bermagan. Ushbu qonun loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi.
Kiritilgan qonun loyihasi IIO haqidagi qonun va amaldagi Konstitusiyaga qarshi kelmayaptimi?
Ichki ishlar organlari haqidagi qonunning 9-moddasi:
"Ichki ishlar organlari o`z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor bo`lgan haqqoniy axborotni olish huquqiga ega, foydalanilishi qonun bilan cheklangan axborot bundan mustasno".
Amaldagi konstitusiyaning 33-moddasi:
"Har kim fikrlash, so`z va e`tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega".
IIV ma`muriy va jinoiy kodekslarga yo`l harakati bo`yicha o`zgartirishlar kiritish bahonasida, shu kichik normani ham kiritib ketgan. Agar bu loyihani Senat qaytarsa, yo`l harakati bo`yicha jarima ballari-yu boshqa qoidalar ham birga ortga surilishi mumkin edi.
20 dekabr kuni o`tkazilgan senatning 48-yalpi majlisida ichki ishlar organlari xodimlarini o`z xizmat vaqtida foto va video tasvirga olganlarni 15 sutkaga qamab qo`yish haqidagi qonun loyihasi hozircha ko`rilmadi.
Ma`lumot uchun, mazkur IIB xodimlarini tasvirga olganlarni 15 sutkagacha qamab qo`yish haqidagi qoida ushbu sohaga tegishli bo`lmasa-da, “Yo`l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan kodekslarga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida"gi qonun loyihasiga kiritilgan edi. Senat bu borada biroz adolatni tiklamoqchi bo`lgan yoki doimgidek muhokamalarga sabab bo`lgan mavzularni jamoatchilik unutishini kutyapti.