O`zbekistonda Xitoydan keltirilgan vaksinaning sinov jarayonlari o`tmoqda. Sinov jarayonida ko`ngilli ravishda qatnashgan fuqarolarga 100 AQSh dollari bosqichma-bosqich berib boriladi.
Bu haqida O`zbekiston Respublikasi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi Vazira Mo`minovna Toshkentda YuNISEF tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan treningda ma`lum qilgan.
O`zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasidan 5 ming aholiga mo`ljallangan koronavirusga qarshi Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasining ZF 2001 vaksinasi keltirilgan.
Xitoy vaksinasi bilan emlash uchun 15 ming nafarga yaqin odamda tekshiruvlar olib borilgan bo`lib, ulardan 5 ming nafarga yaqin ko`ngillilarda emlash jarayoni o`tkazilmoqda. Keyinchalik Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasining ZF 2001 vaksinasi bo`yicha emlash miqdori 9 ming nafarga etkazilgan.
Toshkent shahrining ayrim tanlangan poliklinikalari tomonidan Xitoy vaksinasini ko`ngillilarda sinov emlash jarayonlari davom etmoqda.
Vazira Mutalovaning rost24.uz muxbiriga ma`lum qilishicha emlashning sinov jarayonlari 3 bosqichdan iborat va u 18 yoshdan kattalardagina o`tkaziladi.
Xitoy vaksinasi uchinchi bosqich sinovlari O`zbekistonda 2020 yil 10 dekabr kuni boshlangan. 30 yanvar holatiga ko`ra, vaksina olgan ko`ngillilar soni 5300 ga yaqinlashgan edi.
Rost24.uz O`zbekistonda aholini emlash jarayoni haqida to`liq ma`lumotlar berish maqsadida soha mutaxassislari bilan hamkorlik qilmoqda.
Koronavirusga qarshi emlash haqida savollaringiz bo`lsa tarmoqdagi kanallarimizga murojaat qilishingiz mumkin.
Yangi tafsilotlar bilan tanishish uchun saytimizni kuzatib boring.