"UzAuto Motors" 2023 yil avgust oyidan boshlab avtomobillar uchun kutish navbatini 3 barobarga, kutish muddatini esa o`rtacha 1-3 oyga qisqartirish va`da qilgan edi.
Ammo kutish muddatlari bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish bo`yicha qilingan echimlar, dilerlik markazlarida ommaviy avtomobillar uchun shartnomalarni olishdagi keskinlikni kamaytirmadi, bu esa haqli ravishda iste`molchilar noroziligi kelib chiqishiga sabab bo`ldi va dilerlik markazlarida shartnoma uchun janjallar aks etgan videolar tarqalgan edi.
Shuningdek, "UzAuto Motors" 2023 yil dekabr oyining ikkinchi yarmidan 2024 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan ommabop avtomobillarga onlayn kontraksiya ochilishini e`lon qildi. Bu taxminan dekabr oyining 15-18 sanalariga to`g`ri kelishi mumkin edi.
Tashkilot o`zining rasmiy saytida kecha, 22 dekabr, soat 12:00 da 2024 yil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan avtomobillarining butun hajmi uchun onlayn kontraktasiya ochilishi haqida xabar berar ekan, avtomobil xarid qilish uchun shartnomani faqat onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkinligi aytildi. Lekin ilovada UzAuto Motors aytgan onlayn ilovaning avtomobil modellari bo`limida ro`yxatning bo`shligini ko`rish mumkin.
Jamoatchilik faoli Rasul Kusherbaev o`z sahifasida ushbu holat haqida “Ehtimol bu nosozlik emas va avtomobil modellari bo`limi hozirda faqatgina "kerakli" odamlar uchungina amal qilmoqda, nima bo`lgandayam navbatdagi "tomosha" yaxshi ketmoqda va kechga borib, tanlangan odamlar shartnoma qilib bo`lgach, rasman tugatilsa kerak”, deb post qoldirdi.
Shartnoma berishni to`liq onlayn shaklga o`tkazgan UzAuto Motors esa doimgidek bunday holatlarga texnik nosozlik degan izoh berib, munosabat bildirdi. Monopol UzAuto Motors har qanday vaziyatdan chiqishning yo`lini topadi.