Ichki ishlar vazirligi xodimining ma`lum qilishicha, xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikni aniqlovchi ilova yaratilgan. Ushbu ilovadagi SOS tugmasi yordamida qaerda zo`ravonlik holatlari yuz bersa, uning manzilini aniqlash mumkin. Lekin mobil aloqa yaxshi bo`lmagan hududlar bor, ularni aniqlashda qanday ishlar qilinmoqda?
Bundan tashqari, negadir, buni boshqa jamoatchilik faollari ham sezsa kerak, Xotin-qizlar qo`mitasining borligi sezilmaydi. Pedofillar bilan bog`liq holatlar ijtimoiy tarmoqlarda juda ko`p muhokama bo`lganidan so`ng Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva ham munosabat bildirdi va birdan ko`p vaqtdan beri qabul qilinishi muhokamada bo`lib turgan qonun ma`qullandi. Shu davr mobaynida Xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot jim turmasdan nimadir deyishi mumkin edi-ku?
Rost24.uz jurnalistining ushbu mazmundagi savoliga Ichki ishlar vazirligi Xotin-qizlar masalalari bo`yicha bo`lim boshlig`i Umida Abdullaeva quyidagicha javob berdi:
- Xotin-qizlarga, bolalarga bo`lgan tazyiq butun dunyoda global muammo hisoblanadi. Dunyoning hech qaysi bir davlati bu muammoni to`liq echimini topganman, deb maqtana olmaydi. Biz himoya orderini 2020 yilda berib boshlaganimizda, bu dunyoning 126 ta davlatida berilgan edi. Yana bir narsa, qonunga o`zgartirishlar kiritilguncha nega takliflar berilmagan degan savolingizga, oilaviy maishiy zo`ravonlik tushunchasini kiritish bo`yicha taklifni biz necha yillardan beri kiritib kelamiz. Sababi, bitta tan jarohati etkazilganligi yoki qo`pol munosabat bo`lganligi uchun bizning javobgarlikka tortishimiz etarli emas edi. Chunki bizda oilaviy zo`ravonlik tushunchasi yo`q edi. Aprel oyida tasdiqlangan qonun bilan may oyidan boshlab bu modda bizda qo`llanilyapti. Shu paytgacha 6 mingdan ziyod fuqaro javobgarlikka tortildi, 400 dan ziyod jinoyat ishlari qo`zg`atildi. Buni mahallalarda uyma-uy yurib, beshlik aniqlayapti. Xotin-qizlar faoli xabardor, u profilaktika inspektoriga xabar beryapti. U qonuniy chora ko`rish maqsadida ma`muriy javobgarlikka tortyapti. Agar yil davomida ikkinchi marta javobgarlikka tortiladigan bo`lsa yoki oqibatlari og`ir bo`ladigan bo`lsa, JKning 126-moddasi bilan javobgarlikka tortyapmiz. Bundan tashqari, 2023 yilning 10 oyi davomida 32 mingdan ortiq himoya orderi berilgan bo`lsa, salkam 60% da ruhiy zo`ravonlik statistikasi bo`yicha berilgan. 20 % jismoniy, 85 % holatda oilaviy zo`ravonlik bo`lgani uchun himoya orderi so`rab kelishyapti ayollar. Lekin bu ham o`z-o`zidan bo`lmaydi. Biz uyma-uy yuribmiz, ishonch telefonlari ishlayapti, ayollarda murojaat qilishga imkoniyat bo`lyaptiki, biz himoya orderlarini rasmiylashtirib beryapmiz.
Yana bir savolingizga javob beradigan bo`lsam, to`g`ri, SOS tugmasi mobil ilova orqali ishlaydi, lekin undan tashqari bizda ishonch telefonlari 24 soat davomida ishlayapti (1259, 1286). Asosiy maqsadimiz zo`ravonlik holatlarini barvaqt aniqlash, ayollar jabrlanishining oldini olish. Bizda qanchalik kuchli qonunlar bo`lmasin, lekin qonun targ`iboti kuchli bo`lmasa, huquqiy bilim past bo`lsa, qonun ishlamaydi.