Toshkent shahridagi Maktabgacha ta`lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchi nima iste`mol qilayotgan bo`lsa, Mo`ynoqdagi MTT tarbiyalanuvchisi ham shuni iste`mol qilyapti.
Maktabgacha ta`lim tashkilotlaridagi taomlar va ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ijtimoiy tarmoqlarda ko`p muhokamalarga sabab bo`ladi. Bunday holatlar asosan chekka hududlarda uchraydi. Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat yo`llagan insonlar ham asosan viloyatlarda yashovchi insonlar bo`lishadi. Xo`sh, Toshkent shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalari taomnomalari bilan Qashqadaryo yoki Xorazmdagi davlat maktabgacha tashkilotlarining ovqatlanish taomnomasi bir xilmi? Taomlar ro`yxatida quyon go`shti ham bo`ladi, degan gap juda qizg`in muhokama qilingan edi. Hozir holat qanday?
Ushbu savolga Maktabgacha ta`lim agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Farrux Boboev javob berdi:
"Yozda Toshkent shahri va viloyatlardagi menyular farq qilgan bo`lishi tabiiy, chunki unda respublika bo`yicha yagona menyu joriy etilmagan edi. Sentyabr oyidan boshlab, bemalol ayta olaman, Toshkent shahridagi maktabgacha ta`lim muassasasida bola nima eyotgan bo`lsa, Mo`ynoqdagi maktabgacha ta`lim tashkilotidagi bola ham o`sha narsani eyapti. Bola salomatligi uchun mumkin bo`lgan mahsulotlar ro`yxati tasdiqlangan. O`shanda bor mahsulotlari biz bolalarga etkazib beramiz", – dedi F.Boboev.
Maktabgacha ta`lim tashkiloti Bola salomatligi bo`yicha boshqarma boshlig`i Dilfuza Hasanova quyon go`shti haqidagi savolga, "Quyon go`shti bizda ro`yxatdagi mahsulotlar ichida belgilangan. Quyon go`shti kaloriya bo`yicha mol go`shti o`rnini bosadi. Shuning uchun uni berish mumkin", deb javob berdi.