3 dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni hisoblanadi. Jamoat transportida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun o`rindiqlar yaratilgani, I- va II-guruh nogironlari ba`zi soliqlardan ozod etilganiga qaramay, hamon O`zbekiston nogironligi bo`lgan shaxslarning ishlashi va ko`chada harakatlanishi uchun noqulay mamlakat bo`lib qolmoqda.
O`zbekistonda zarur ish stajiga ega bo`lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga atiga 286 390 so`mginani tashkil qiladi.
Rost24.uz sayti dunyoning boshqa rivojlangan mamlakatlarida nogironligi bo`lgan shaxslar uchun ijtimoiy qo`llab-quvvatlovlar qandaylini o`rgandi.
AQSh
AQShda taxminan 8,2 million kishi nogironlik ijtimoiy nafaqasini oladi. Imkoniyati cheklangan odamlar va baxtsiz hodisa tufayli nogiron bo`lib qolganlarga 1489 dollar (18 mln so`m)dan 3627 dollar (44 mln so`m)gacha nogironlik nafaqasi beriladi. Nafaqa ularning ayrim oila a`zolariga ham to`lanadi.
Yaponiya
ESCAP ma`lumotlariga ko`ra, Yaponiyada 5,1 millionga yaqin nogironlar yashaydi. Shaharlar strukturasi imkoniyati cheklangan odamlar uchun barcha qulayliklarni yaratgan holda tuzilgan. Nogironlikning baholangan darajasidan kelib chiqqan holda doimiy parvarishga muhtoj bo`lgan imkoniyati cheklanlarga har yili 8 250 AQSh dollari (101 mln so`m) gacha to`lanadi. Har yili birinchi ikki farzand uchun 1 850 AQSh dollari (22 mln so`m) miqdoridagi pul beriladi.
Germaniya
Germaniya hukumati nogironlik darajasidan kelib chiqib imkoniyati cheklanganlarga maxsus tibbiy yordam, ish qidirishda yordam berish yoki ishdan bo`shatishdan himoya qilish, uy yordamchisi yollash, bolalarni parvarish qilish xarajatlarini qo`llab-quvvatlash, erta pensiya, past soliqlarni taklif qiladi. Agar siz ishlay olmasangiz, oyiga taxminan 1000 evro (13 mln so`m) miqdorida ijtimoiy nafaqa olasiz.
Niderlandiya
Niderlandiyada diqqatga sazovor joylar, attraksionlar va panduslar nogironlar aravachasidagilar uchun ajratilgan joylarni o`z ichiga olgan holda ta`mirlangan. Bundan tashqari, hukumat nogironlar aravachasidagi odamlar uchun restoran va mehmonxona hovlilarini qulayroq qilish tashabbusi bilan chiqdi. Mamlakat bo`ylab nogironlar aravachasida kirish mumkin bo`lgan yo`nalishlarni ko`rsatadigan xaritalar hukumat tomonidan ishlab chiqilgan. Shuningdek, imkoniyati cheklanganlarga eng kam ish haqining 75 foizidan kam bo`lmagan miqdorda pul ham beriladi.