Bosh vazir tariximizni o`rganishga taqiq qo`yganmi?

30.11.2023 16:14

“Yangi O`zbekiston” bog`iga o`rnatilgan tarixiy monumentlarni ko`rsatish uchun farzandini olib borgan ijtimoiy tarmoq faoli Kobul Dusov cheklovga duch kelgan.

“Yangi O`zbekiston” bog`i 2022 yil avgust oyida Qibray tumani hududining 104 gektarlik maydonida barpo etilgan. Bog`da O`zbekistonning 3 ming yillik tarixini, ajdodlarning buyuk ishlarini, xalqning milliy o`zligini aks ettirgan «Istiqlol» majmuasi ham yaratilgan. Majmuaning o`ziga 47,8 milliard so`m sarflangan.

Mazkur majmuani tomosha qilish esa, xalq uchun mumkin emas. Xalq uchun qurilgan bog`ni video tasvir va suratga olish ham taqiqlangan. Bu cheklov sababini bog` ma`muriyatining o`zi ham bilmaydi. 

Kobul Dusov bilan bo`lgan voqeadan ham bilish mumkinki, tariximizni aks ettirgan «Istiqlol» majmuasini xalq tomosha qilishi mumkin emas ekan. Soliqlarimiz hisobiga qurilgan bog`ni xalq sayr qilishiga nima sababdan cheklov o`rnatiladi, degan savolga, bog` qo`riqlash xizmati xodimlari "Majmuaga kirish Bosh vazir buyrug`i bilan taqiqlangan", degan javobni berishgan.

Mazkur javob videoda ham yaqqol aks etgan. Shuningdek, qo`riqlash xizmati xodimlari o`zlarini videoga olmaslikni ham talab qilishgan.

Dunyoda ikki davlat fuqarolari o`z davlatida o`zining tarixiy obidalarini ko`rishi, ularga yaqinlashishi mumkin emas:

Birinchisi, Falastindagi Quddus, unga falastinliklar kirishi mumkin emas.

Ikkinchisi, O`zbekistondagi "Yangi O`zbekiston” bog`idagi haykallar, bog`ni o`zbekistonliklar va ularning bolalari kirishi va ko`rishi mumkin emas. Chet elliklar hatto itlari bilan ham kirishi mumkin”, – deya, Kobul Dusov o`zining Feysbuk ijtimoiy sahifasida holatga izoh qoldirgan.

Kobul Dusovning keyingi postida ma`lum qilishicha, mazkur holat bo`yicha Bosh vazirning topshirig`i bilan Vazirlar Mahkamasidan yordamchi bog`lanib, “Yangi O`zbekiston” bog`idagi cheklov bo`yicha hukumat rahbari Abdulla Aripovning o`zi shug`ullanayotganini ma`lum qilgan.

Biz qurgan narsalar avvalo bolalarimiz uchun, hatto chet ellik mehmonlardan ham oldin, u erga bolalarimiz haqli. Bunaqa taqiq haqida men hech kimga buyruq yoki topshiriq bermaganman. Ertadan nafaqat Qobul Dusovning, balki har bir O`zbekistonlik va ularning farzandlari bog`ning xohlagan joyiga kirishi, ko`rishi mumkin. Mening nomimdan yolg`on ma`lumot berib, cheklov qo`yganlarga chora ko`riladi”, –deya minnatdorchilik bildirgan Bosh vazir.

Xulosa o`rnida shuni aytishimiz mumkinki, ijtimoiy tarmoq faoli Kobul Dusovning birgina posti orqali O`zbekistondagi oddiy, ammo juda uyatli va sharmandali muammo bartaraf etildi.

Shu kabi jamoatchilik nazorati bo`lmaganda, bunday muammolar Bosh vazirgacha etib bormagan bo`lar edi. Albatta Bosh vazirning nevaralari bunday joylarga bormasligi mumkin. Ammo Bosh vazirning o`zi qadam ranjida qilganda cheklov va taqiqlar haqida lom-mim deyilmaydi.

Oddiy xalq esa tariximizni tomosha qilishni Bosh vazir taqiqlabdi-da, degan xulosada ketaveradi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар