Deputatning so`zlariga ko`ra, quvvat emas, kulfat manbaini taqiqlashdan boshqa chora yo`q!
Mutaxassislar bu ichimlik turi tarkibida insonga zarar beruvchi 20 xildan ortiq modda borligi, u quvvat emas, kulfat manbai ekani haqida har kuni bong uryapti. Energetik ichimliklar yurak xastaligini keltirib chiqaradi va uning yakuni tasodifiy o`limdir.
"Yaqinda Byudjetnoma muhokamasida deputatlar taklifi bilan energetik ichimliklarning har bir litriga 2000 so`mdan aksiz solig`i joriy qilindi va bu to`g`ri qaror bo`ldi. Endi bu ichimlikni butunlay taqiqlash haqida bosh qotirish lozim", – deydi tuman kengashi deputati Jahongir Ziyaev.
Dunyoning qator mamlakatlarida bu mahsulot sotuviga cheklov o`rnatilgan. Aksariyatida 18 yoshga to`lmaganlarga sotish taqiqlangan. Daniya, Turkiya, Norvegiya, Islandiya va AQShning ayrim shtatlarida bunday mahsulotlar sotuvi qat`iy cheklangan.
Dunyo bo`yicha har yili 200 nafarga yaqin odam shunday ichimlik qurboniga aylanyapti. Mamlakatimizda o`lim holati qayd etilganini eshitmadim, eshitmaylik ham. Lekin bu ichimlik yoshlarimiz sog`ligiga zarar berayotgani haqiqat.
Deputatning aytishicha, so`nggi yillarda yoshlarimiz orasida bu ichimlikka talab haddan ziyod oshdi. Maktab o`quvchilari o`rtasida ham ommalashayotgani bor gap. Bunday ichimliklar maktab yaqinidagi do`konlarda ham hech qanday cheklovlarsiz sotilmoqda. Qonunan 18 yoshga to`lmaganlarga realizasiya qilish taqiqlagan, lekin xaridorlardan yosh so`ralmayotgani ham haqiqat.
Asli “quvvatbaxsh” ichimliklar ilk bor Yaponiyada 1960 yilda dori sifatida yaratilgan ekan. Keyinchalik Evropa va AQSh tadbirkorlari bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qo`shgan.
“Energetik ta`mga ega” deya reklama qilinuvchi ichimliklar soni borgan sari ko`paymoqda. Energetik ichimliklarda ko`p miqdorda kofein, taurin moddalari borligi ma`lum. Taurin – energetik jarayonni tezlashtiruvchi va nerv sistemasini rivojlantiruvchi modda. Uning inson organizmi uchun sutkalik me`yori – 300-400 mg. Energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobar ko`p.
Umuman, energetik ichimliklar qonda tromb paydo bo`lish xavfini oshiradi, asabga salbiy ta`sir ko`rsatadi, semirishga olib keladi, jigarga zarar etkazadi, suvsizlanishga olib keladi, buyraklarga zarar etkazadi, tish emalini emiradi. Uning zararini yana uzoq davom ettirish mumkin.
"Bugun sog`lom avlod haqida o`ylayotgan ekanmiz, shuncha xastalikni keltirib chiqaruvchi ichimlikni taqiqlashdan boshqa chora yo`q", – deya ta`kidlagan Jahongir Ziyaev.