Bugun, «Istiqlol» majmuasining qurilishi masalasida “Markaziy univermag” yonidagi xiyobonda jamoatchilik bilan uchrashgan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev davlat tilini bilmagan fuqarolarga rus tilida gapirishga majbur emasligini bildirdi.
Ortiqxo`jaevdan rus tilida gapirishni so`ragan fuqarolarga «O`zbekcha gapiryapman, O`zbekistonda yashayapman, o`zbekcha gapiryapman. Xohlasangiz «perevodchik» oling yoningizga», deya javob qaytargan.
Shu vaqtgacha aksariyat amaldorlar davrada rusiyzabon fuqarolar bo`lsa, davlat tilida emas, rus tilida so`zlar edi.
Xususan, yoz oyida Toshkentda “O`zbekkino" milliy agentligi tomonidan o`tkazilayotgan "Yosh kinomatograflar festivali"da Bosh vazir o`rinbosari Begzod Musaev sahnada turib rus tilida nutq so`zlashni ma`qul ko`rgan edi.
Bosh vazir o`rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham bemalol o`zbek tilida so`zlasha olishi bilan maqtana olmaydi. 2018 yil 12 yanvar oyida Milliy matbuot markazida o`tgan tadbirda mazkur amaldor konferensiyada 15 kishining ichida 2 nafar rusiyzabon bo`lgani uchun rus tilida so`zlashni ma`qul topgan hamda o`zbek tilida savol bergan jurnalistlarga ham rus tilida javob qaytargan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ilxom Abdullaev ham ochiq matbuot anjumanlarida faqatgina rus tilida gapirishni ma`qul ko`radi.
Shu vaqtgacha rus tilida gapirishni so`ragan fuqarolardan bironta amaldor tarjimon bilan yurishni so`ramagan va O`zbekistonda davlat tilida gapirayotgani va boshqa tilda so`zlashga majbur emasligini eslatmagan edi. Bu borada, ya`ni 30 yildan beri juda ko`pchilik amaldorlar qo`rqib aytolmagan so`zni bugun Jahongir Ortiqxo`jaev jur`at bilan ayta olgan hozircha yagona amaldor bo`lib turibdi.