Statistik ma`lumotlarga ko`ra, oktyabrda 3 795,3 mln kub metr gaz qazib olingan, bu o`tgan yilning oktyabriga nisbatan 10,4 foizga yoki 438,3 mln kub metrga kamroq.
Yillik gaz qazib olish qisqarishi esa 4 215,3 mln kub metrga etgan. 2023 yil yakuniga ko`ra, gaz qazib olish 2022 yilga nisbatan 5 mlrd kub metrga kamroq bo`lishi mumkin.
Joriy yil aprel oyida energetika vaziri Jo`rabek Mirzamaxmudov O`zbekistonda gaz qazib olish keskin pasayganini izohlab, shu yil ikkinchi yarmidan ijobiy tomonga o`zgarishi va`da qilgan edi. Ammo raqamlar yilning ikkinchi yarmida gaz qazib olish yanada kamayganini ko`rsatmoqda.
Gaz eksporti
Qazib olish qisqarishiga qaramay, oktyabrda 46,5 mln dollarlik gaz eksporti rasmiylashtirilgan. Yil boshidan buyon 458,2 mln dollarlik gaz eksport qilingan.
Import
Gaz importining summadagi qiymati oktyabrda 73,8 mln dollarni tashkil etgan (yil boshidan buyon 561,7 mln dollarlik gaz import qilingan).
"Mazkur raqamlar shartli qabul qilinishi zarur va import qiymati statistikada ko`rsatilganidan ancha ko`proq bo`lishi mumkin, chunki masalan sentyabrda 286,1 mln dollarlik gaz importi rasmiylashtirilgan. Bu yanvar-avgust oylarida import qilinganidan 1,4 barobariga ko`proq. Ya`ni import qilingan gaz rasmiy statistikaga ancha kechikib kiritilayotgani belgilari mavjud", – deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Umuman olganda, O`zbekiston yil boshidan beri 458,2 mln dollarlik gaz eksport qilib, 561,7 mln dollarga teng gaz sotib olgan.