Sog`liqni saqlash vazirligining Matbuot kotibi nima ish qiladi?

15.11.2023 18:09

O`zbekistonda prezident almashdi, hokimlar almashdi, ammo Sog`liqni saqlash vazirligining Matbuot kotibi almashmadi, aksincha u 6 nafar vazirini “almashtirdi”.

Bir tizimda eng uzoq Matbuot kotibi bo`lib ishlab kelayotgan Furqat Sanaevning nima ish qilishi juda ko`pchilikka qiziq bo`lsa kerak.

Bugun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Prezidentning Toshkent tibbiyot akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etish bo`yicha qarori loyihasi e`lon qilindi. Bu esa tibbiyot bo`yicha asosiy oliygohimizning akademiya “statusi”ni oqlay olmaganini anglatadi.

Shu kunlarda sog`liqni saqlashda muammolar shu qadar ko`payib ketganki, dazmolni qo`shsangiz ham tibbiyotdagi muammolar qulog`ingiz tagida yangrayveradi. Uzoq hududlardagi tibbiyot birlashmalaridan kelayotgan muammolarni qo`yavering. Ularni har doimgi odatiy muammolar deyishimiz mumkin. Ammo o`nlab begunoh go`daklarni o`ldirayotgan “tadbirkor”lar ishiga jimgina qarab turishning imkoni yo`q.

Ayni kunlarda prokuratura va sudlarda ham, parlamentda ham sog`liqni saqlash tizimidagi muammolar haqida bong urilmoqda, deputatlarimiz ham ko`zda yosh bilan tibbiyotdagi o`limlarga kuyunmoqda. Biroq SSV matbuot xizmati jim.

SSV matbuot xizmatiga mas`ul Furqat Sanaev biror bir jo`yali munosabat berib, xalqni ovutishni ham o`ziga ep ko`rmadi. Qadimdan matbuot kotibi lavozimda ishlab kelayotgan Furqat Chorievichning ishlari bisyor bo`lishi mumkin. Shaxsiy dorixonalari faoliyati bilan shug`ullanishdan yoki boshqa banklardagi matbuot xizmatidan vaqti ortmayotgandir balki. Ammo tibbiyotdagi muammolarga ikki og`iz so`z bilan munosabat bildirib qo`yish uning burchi emasmi? Sog`liqni saqlashdagi muammolar bilan Matbuot anjumani o`tkazish qiyin masala, ammo hech bo`lmaganda, brifinglar bilan odamlarni aldab qo`yish ham imkonsizmi?

Sog`liqni saqlashga 10 ta tibbiy vertolyot olib kelinishi rejalashtirilgani haqidagi xabarlar tarqatildi. Bu rejalar qanchalik jiddiy, vertolyotlarni boshqarish uchun mutaxassislar bormi, yoki ekipajlar ham chetdan olib kelinadimi, hududlarga qanday taqsimlanadi yoki bu shunchaki PR xabarmi kabi savollar bilan SSV matbuot kotibiga murojaat qildik. Ammo u Rost24.uz`ning bu savollari bo`yicha hech qanday ma`lumot bermadi. Aniqrog`i, javob berishni o`zining obro`yiga teng ko`rmadi shekilli.

Sog`liqni saqlash matbuot xizmati OAV va jamoatchilik uchun qanchalik yopiq bo`lmasin, bu tizimdagi muammolar baribir o`zini oshkor qilishda davom etmoqda. Bugun ijtimoiy tarmoqlarning har bir sahifasidan sog`liqni saqlash tizimidagi noxush xabarlar o`rin olgan.

14 noyabr kuni Parlament Quyi palatasi majlisida sog`liqni saqlash vazirining axboroti eshitildi. U hisobotida “Dok-1 Maks” falokati bo`yicha kech xabardor bo`lganini ham tan oldi.

“O`sha paytda vazirning birinchi o`rinbosari sifatida men ham bu haqda kech bilganman va bu mening ham xatoim. Shifokorlarimiz aynan shu preparatdan zaharlanish ekanligini bilishmagan», – dedi sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.

Vazirning gapidan OAV va jamoatchilik uchun yopiq bo`lgan SSV matbuot xizmati vazirlik rahbariyati uchun ham mavhum, degan ma`noni anglash mumkin.

Shuningdek, “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha sudda ko`rsatma bergan SSV mutaxassisi ma`lumotlar vazirga vaqtida kiritilmaganini bildirgan edi.

Axborot asrida ma`lumotlar eng avvalo ijtimoiy tarmoqlarda ko`rinish berishini inobatga oladigan bo`lsak, ma`lumotlar birinchi bo`lib tashkilotlarning matbuot xizmatlarida paydo bo`lishi tabiiy xol. O`z o`rnida tashkilot matbuot kotibi tashkilotga doir ma`lumot va xabarlarni rahbariyatga vaqtida etkazishi zarur.

Tibbiyot hazillashib bo`lmaydigan soha. E`tiborsizlik bilan qarlgan birgina “Dok-1 Maks” falokati bitta dori bilan butun boshli bir davlatni qirib yuborish mumkinligini amalda isbotlab qo`ydi. 

Bu kabi xato takrorlanmasligi uchun Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlashga mas`ul bo`lgan Matbuot kotiblari ham manmanlik to`nini echib qo`yib, vazirdan saal pastroqda yursa maqsadga muvofiq bo`lar edi. 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
19
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар