Ichki ishlar tizimining vazifasiga bevosita fuqaro va inson erkinligi va huquqlarini himoyalash, huquq-tartibotni saqlash, jamoat xavfsizligini ta`minlash kiradi. Oxirgi ikki yilda esa ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o`rtasida dilni xira qiluvchi holatlar ko`paydi. Jamoat faollari ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tizimdan insonlarni himoya qilish kerak, degan fikrlarni ham bildirishdi.
Fuqarolarimiz ichki ishlar tizimiga qanchalik ishonadi? Rost24.uz ushbu mavzuda aholi orasida so`rovnoma o`tkazdi. So`rovnoma jarayonida ushbu tizim faoliyati va xodimlariga 5 baldan necha ball berasiz?, degan savol ham berildi. Javoblar esa turlicha bo`ldi:
- Normal jamiyatlarda ichki ishlar tizimi odamlarni himoya qiladi, bizda esa unday emas;
- 1 ball beraman, ularga qandaydir murojaat bilan chiqsangiz yana o`zingizga qaytib keladi;
- Ishlari ko`rinmaydi, kamroq ball berardim;
- Poraxo`rlik ko`p;
- 5 dan 3 ball berardim;
- Ishlaganini sezmayman;
- Turmush o`rtog`im ham ishlaydi shuning uchun 5 ball beraman;
Bundan tashqari IIV xizmat vaqtida fuqarolarga qo`pol munosabatda bo`lishiga qanday qaraysiz?, mazmunidagi savollar bilan ham murojaat qildik.
Javoblar:
- Bu eski tizim asorati bo`lsa kerak, chunki ular shunday tarbiyalanadi, o`zimga ham oddiy holatda elektrashok ishlatgan. Shunaqa qo`polliklari bor;
- Ba`zi holatlarda ularni ham tushunish kerak;
- Qars ikki qo`ldan chiqadi;
- Noto`g`ri qarayman, iloji boricha faoliyatida bu narsani kamaytirishlari kerak;
- Tahdid bilan emas, qonuniy yo`l tutish kerak;
- Hammasi emas, lekin bor ichida shunday qo`pollik qiladiganlari;
Ushbu tizimga qanchalik ishonasiz?
- Unchalik ishonmayman;
- 50 foiz ishonaman;
- 1 dan 10 gacha baholasak, 8 ball
- 100 dan 80 foiz ishonaman, degan fikrlar bildirildi.
So`rovnoma o`tkazish jarayonida ba`zi fuqarolarimiz IIV nomini eshitishi bilan o`zini olib qochdi, bu ham tizim tomonidan tahdid, xizmat paytidagi qo`pollik va ishonchsizlik natijasi bo`lsa kerak. Chunki normal jamiyatlarda IIV kuch ishlatar tizim emas, qonun ustuvor bo`lgan tizim hisoblanadi.
Siz IIV tizimiga qanchalik ishonasiz?