Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida O`zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ta`lim-tarbiya sohasiga alohida to`xtalib, bu tizimga ajratilayotgan mablag`lar kutilayotgan natijalarni bermayotganini ta`kidladi.
“Ta`lim-tarbiya tizimiga yo`naltirilayotgan mablag`lar qariyb 3 barobar oshirilgani quvonarli hol. Ammo ushbu ajratilayotgan mablag`lar samaradorligini oshirish lozim.
Soha uchun byudjet mablag`lari kamaymayapti. Ammo yaratilayotgan sharoit kelajakka yangi umidlarni uyg`otmayapti. Ya`ni, ta`limga berilayotgan mablag` kutilayotgan natijalarni bermayapti. O`tgan yili OTMlarga topshirgan abiturientlarning 50 foizga yaqini hatto 2 bahoga loyiq natijani ko`rsatmadi», – dedi A.Qodirov
O`zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov kelgusi yilgi Byudjetnomada Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga ajratilayotgan mablag`larning 80 foizi o`qituvchilarning oyligi uchun yo`naltirilganini 500 mingga yaqin o`qituvchining oyligi uchun 35 trillion so`m mablag` ajratilganiga alohida urg`u berdi.
“Tahlillarga qaraganda, maktablarda 10-15 foiz ortiqcha, ya`ni zarurat bo`lmagan o`qituvchi ishlayapti. 35 trillion pulning ma`lum bir qismini MTTga ham yo`naltirishimiz kerak. Bog`chalarda 30-35 ta bolaga 1 ta tarbiyachi to`g`ri kelyapti. Tizimdagi oliy ma`lumotga ega tarbiyachilar bor-yo`g`i 25-30 foizni tashkil qilayapti. Bog`cha tarbiyachilarining oyliklarini ham oshirish lozim. Jahon standartlariga mos ravishda 10-15 ta bolaga bitta tarbiyachini biriktirish haqida o`ylashimiz kerak, – dedi Alisher Qodirov.