Rossiyada migrantlar uchun 30 foizlik komissiya belgilanishi mumkin

06.11.2023 09:03

Rossiyalik siyosatshunos Aleksey Yaroshenko Rossiyadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o`tkazmasi uchun 30 foizlik komissiya joriy etishni taklif qildi.

"Ria Novosti" nashrining xabar berishicha, Rossiyaga mehnat muhojirlarining kirib kelishi nafaqat jinoyatchilikning kuchayishiga, hattoki, pullarning xorijga chiqib ketishiga ham sabab bo`lgan. Siyosatshunos Aleksey Yaroshenko Tojikiston, O`zbekiston, Qirg`iziston va Turkmanistonga pul o`tkazmalari uchun majburiy komissiya joriy etish, shuningdek, ushbu respublikalardan tashrif buyuruvchilarning bank kartalariga xizmat ko`rsatish to`lovini oshirishni ham taklif qildi.

Yaroshenkoning fikricha, bugun Rossiyada muhojirlar bilan jiddiy muammolar mavjud.

"Yangi kelganlar tez-tez jinoyat haqidagi xabarlarning "qaxramonlariga" aylanishmoqda. 2022 yilda migrantlar tomonidan sodir etilgan og`ir jinoyatlar, jumladan qotilliklar soni 21 foizga oshdi. Qamoqxonalarda 30 mingdan ortiq xorijlik bor. Mahbuslarning deyarli 7 foizi bu erga kelib, ishlash o`rniga jinoyat sodir etib, qamoqqa tushgan muhojirlardir. Ularni mahbuslikda saqlash har yili Rossiya byudjetiga 500 ming rublga tushmoqda. Umumiy xarajatlar yiliga 15 milliard rublni tashkil qiladi", – deydi siyosatshunos.

Aleksey Yaroshenkoning aytishicha, muhojirlar oqimi Rossiyada turmush darajasini pasaytirar ekan. 2023 yil boshida 563,6 mingdan ortiq Rossiya fuqarosi ishsizlar ro`yxatiga kiritilgan. Ish beruvchilar Rossiya prezidentining ruslarning hayot farovonligini oshirish to`g`risidagi buyrug`ini buzgan va chet elliklarni ishga olishni birinchi o`ringa qo`ygan. Natijada, rossiyaliklarning daromadlari oshmayapti, chunki ular ishga qabul qilinmayapti.

“Rossiya fuqarosi Markaziy Osiyo fuqarosiga qaraganda ko`proq maosh olishi kerak. Bu shuni anglatadiki, biz Markaziy osiyoliklarni ishga olgan taqdirda ham maoshini oshirmasligimiz kerak”, – deya so`zini izohlagan u.

Muammoni hal qilish uchun Yaroshenko Rossiyaga mehnat migrasiyasining oqimini kamaytirishni taklif qildi.

"Birinchidan, mamlakatdan pul olib chiqishga to`siq qo`yish, ya`ni Tojikiston, O`zbekiston, Turkmaniston, Qirg`iziston fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun o`z vataniga pul o`tkazmalari bo`yicha komissiya joriy etish kerak.

Agar Rossiya bankining mijozi o`z uyiga pul o`tkazsa, u o`tkazma maqsadidan qat`i nazar, summaning 30 foizini komissiya sifatida to`lashi kerak. Bank bu pulni maxsus federal byudjet jamg`armasiga o`tkazadi va shu orqali pullarni Rossiyada saqlashga yordam beradi.

Ayrim hisob-kitoblarga ko`ra, har yili Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar o`z vatanlariga bir necha milliard rubl pul o`tkazib kelgan va bu pullar mamlakatdan tashqariga chiqib ketgan, – degan rossiyalik siyosatshunos.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар