O`zbekiston prezidenti avtobus haydovchilariga qo`yiladigan kunlik rejani tanqid qilib, uning bekor qilinishi, avtobus haydovchilarining ish haqi oshirilishi haqida topshiriq bergan edi. Bu topshiriq amalda bajarildimi?
Rost24.uz sayti prezidentning ushbu buyrug`i yuzasidan savol bilan mutasaddilarga murojaat qildi.
"Yuqorida aytib o`tilganidek, bu qaror bo`yicha nazoratchilar joriy etilishi kerak. Nazoratchilar joriy etilganida bosqichma-bosqich chiptachilardan voz kechilib, aholining to`lov madaniyati shakllangandan so`ng bosqichma-bosqich bittadan yo`nalishda kunlik majburiyatni to`xtatib boramiz.
Qozog`istonning Olmaota shahrida reja va chiptachilar ishi bekor qilinganidan keyin tushumlar 47 foizga kamayib ketdi. Bu degani, davlat uchun juda katta zarar degani.
Odamlar o`zi to`layotgan pullari jamoat transportini yaxshilashga yo`naltirilishini tushunib etganidan keyin kunlik rejalardan, albatta, bosqichma-bosqich voz kechamiz", — deya javob berdi Transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidov.