2022 yilning iyul oyidan Prezident administrasiyasi rahbari lavozimida ishlab kelgan Sardor Umrzoqov 2023 yilning avgust oyida shov-shuvlar bilan Prezidentning maxsus topshiriqlar bo`yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan edi. Amalda avvaldan ushbu lavozim bo`lmaganligi sababli, hozirgacha Sardor Umrzoqov ushbu lavozimda qanday vazifani bajarayotgani yoki bajarishi jamoatchilik oldida ochiq savol bo`lib turibdi.
Sardor Umrzoqov PA rahbari lavozimidan ketganidan so`ng, uning jamoasidagilar, ya`ni Sunnatilla Bekanov, Furqat Rahimov, Aziz Voitovlar ham o`z egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Sunnatilla Bekanov sobiq PA rahbari Sardor Umrzoqovning yordamchisi lavozimida ishlagan va Umrzoqov ketgach, u ham ishdan olindi. Administrasiyaning ijro apparati tahliliy materaillarni tayyorlash va administrasiya bo`linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho``basi mudiri Furqat Rahimov ham Umrzoqov PAdan ketgach, vazifasidan ozod etildi.
Yaqinda Prezidentning tegishli qarori bilan Qishloq xo`jaligi vaziri Aziz Voitov ham lavozimidan ozod etildi, u nima sababdan lavozimidan olingani, hozirda qaysi lavozimga tayinlangani haqida hech qanday ma`lumot yo`q.
Shuningdek, Sardor Umrzoqov jamoasidagi yuqorida tilga olingan Sunnatilla Bekanov va Furqat Rahimovlarning ham ayni paytda lavozimga tayinlangan yoki tayinlanmagani mavhumligicha qolmoqda.
Sardor Umrzoqov investisiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlagan paytida Aziz Voitov, Sunnatilla Bekanov va Furqat Rahimovlar uning o`rinbosarlari bo`lishgan.
Sardor Umrzoqovdan oldin PA rahbari lavozimida ishlagan Zaynilobiddin Nizomiddinovning ham lavozimdan ketishida Sardor Umrzoqovning ishdan ketishiga o`xshash vaziyat bo`lgan edi. Ammo Umrzoqovning lavozimi “Maxsus topshiriqlar bo`yicha prezident maslahatchisi” lavozimiga o`zgargan bo`lsa, Nizomiddinov sog`lig`idagi muammolar sabab ishdan ketganligi aytilgan, keyinchalik ba`zi manbalar uning ishdan ketishiga Qoraqalpog`istondagi voqealar sabab bo`lgani haqida gapirishgan edi.
Shuningdek, Nizomiddinov Prezident administrasiyasi rahbari lavozimini tark etgan birinchi rahbar hisoblanadi. Nizomiddinovning hozirda quyiroqda bo`lsa-da, tayin ish joyi bor. U O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning birinchi o`rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
PAning sobiq rahbari Sardor Umrzoqovning siyosiy maydonda ko`rinmay qolganining sababi va yangi tayinlangan lavozimda nima vazifalarni bajarishi ham tez orada jamoatchilikka oshkor qilinsa kerak. Harqalay kecha PAda bir qancha tayinlovlar bo`ldi.