Markaziy bank doimiy inflyasiyani 5 foizlik targetga tushirish maqsadini 2025 yil ikkinchi yarmigacha uzaytirdi. Lekin Xalqaro Valyuta Jamg`armasi O`zbekiston 2028 yilgacha 5 foizlik inflyasiya ko`rsatkichiga erisha olmasligini aytdi. Aslida qaysi ssenariy to`g`ri? Markaziy bank inflyasiya ko`rsatkichini 5 foizga tushirish muddatini yana ortga suradimi? Rost24.uz sayti jurnalisti bu bo`yicha Markaziy bank raisi o`rinbosaridan javob oldi.
«Avvalambor, targetdan kelib chiqish kerak, bizda target 5 foiz, bu atrofimizdagi davlatlarning darajasidan kelib chiqib belgilangan. 2020 yil yanvar oyidan mana shu target bo`yicha ishlashni boshlagan bo`lsak, shu davrdan pandemiya boshlandi, 2021 yilda pandemiyaning davomi, 2022 yilda esa tashqi dunyodagi geosiyosiy vaziyat natijasida butun dunyoda inflyasiya yuqori bo`ldi», - deydi Markaziy bank raisi o`rinbosari Behzod Hamraev.
Uning so`zlariga ko`ra, endilikda chiqarilgan asosiy yo`nalishda 2025 yilning ikkinchi yarmida 5 foizlik inflyasion ko`rsatkichga tushish belgilangan va ushbu targetga erishishga har doim harakat qilinadi.
«Xalqaro Valyuta Fondi har yili dunyo mamlakatlari bo`yicha prognozlarni taqdim etadi va bu tashkilotning o`zining fikri. Tashkilot 5 foizlik inflyasion prognozni juda uzoq davrga qo`ygan. Lekin bir narsani inobatga olish kerak, Valyuta Fondi ham o`z prognozlarini yilda 2-3 marta o`zgartiradi. Masalan, aprel oyida butun dunyo bo`yicha 2024 yilgi kutilayotgan inflyasiya darajasini 4,1 foiz deb ko`rsatgan bo`lsa, oktyabrda 5,1 foiz bo`ladi, deyapti. Hali yanvarda yana e`lon qiladi. Shuning uchun aytishim mumkinki, asosiy yo`nalishlarimizda belgilangan bazaviy ssenariy bo`yicha mo`ljallangan ishlar, chora-tadbirlar, aytaylik, iqtisodiyotni erkinlashtirish va shu kabi islohotlarning hammasi amalga oshiriladigan bo`lsa, 2025 yilning oxiriga borib 5 foizlik inflyasion ko`rsatkichga erishish ehtimolimiz yuqori»,- deb javob berdi Markaziy bank raisi o`rinbosari.