Amaldorlar changalidan saqlab qolingan ijtimoiy obe`ktlar

26.10.2023 09:15

So`nggi yillarda O`zbekistonda jamoatchilik fikri shakillanmoqda, natijada mansabdor-u amaldorlar xalq istagi bilan hisoblashishga majbur bo`lmoqda.

Shu kungacha aynan jamoatchilikning noroziligi va e`tirozlari tufayli bir qancha inshoot va yashil maskanlar asrab qolindi. Rost24.uz ularning bir qanchasini sanab o`tadi.

Moviy gumbazlar xiyoboni

«Moviy gumbazlar» restorani yaqinidagi xiyobonda sobiq hokim Jahongir Ortiqxo`jaevning jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi

2021 yil 17 dekabrdagi prezident qarori bilan poytaxtda «Istiqlol» majmuasi tashkil etilib, u erda yodgorlik kompozisiyasi barpo etilishi belgilangan edi. Majmuani qurish uchun Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko`chalari oralig`ida, Markaziy univermag (MUM) qarshisidagi hudud – “Moviy gumbazlar xiyoboni"ning tanlangani jamoatchilikning ko`plab noroziligiga sabab bo`ldi. Hatto odamlar maxsus platformada petisiya uchun imzo to`plashni boshladi. Natijada, Toshkent hokimligi ushbu loyiha haqida qo`shimcha hisobot berishga majbur bo`ldi. Oradan biroz vaqt o`tib, “Istiqlol” majmuasi loyihasi Toshkent viloyatining Qibray tumaniga ko`chirildi.

Respublika Onkologiya markazi

Olmazor tumanidagi Shifokorlar ko`chasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

2022 yil oxirida Onkologiya markazi va uning ikki filiali yangi qurilayotgan onkologiya kompleksiga ko`chirib o`tkazilishi rejalashtirilgandi. Markaz binosi va yam-yashilligi bilan ajralib turuvchi hududi elektron auksionga qo`yib yuborildi. Keyin esa “jamoatchilikning qarshi fikridan kelib chiqqan holda, tegishli topshiriqqa asosan”, onkologiya markazi hamda uning poytaxt va Toshkent viloyati filiallarini auksion orqali sotish jarayoni to`xtatildi va savdodan olib tashlandi.

Buxoro shahar markazi

Buxorodagi sayyohlik markazi loyihasining ehtimoliy chegarasi

2023 yil boshida Buxoro shahri qoq markazida turizm markazi tashkil etilishi va qurilish doirasida shaharning Ibrohim Mo`minov va Mustaqillik ko`chalari o`qi atrofidagi barcha bino va inshootlar, jumladan, katta sport majmuasi ham buzilishi belgilandi. Loyiha e`lon qilinishi bilan buxoroliklar markazning bu hududda qurilishidan norozi bo`lib, prezidentga murojaat yo`lladi. Shundan so`ng Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri Botir Zokirov markaz qurilishi hali loyiha ekanligi, jamoatchilik muhokamsiga qo`yilishi haqida ma`lum qildi. Keyinroq, markaz uchun boshqa hudud tanlanishi aytildi.

Toshkent Botanika bog`i

Oktyabr oyi boshlarida Toshkent shahridagi Botanika bog`i Fanlar akademiyasi tasarrufidan Toshkent shahar hokimligiga o`tkazilishi va u erda attraksionlar qurilishi haqida hujjat imzolangan edi. Bu loyiha keskin qarshiliklarga uchradi: Ekopartiya vakillari, jurnalistlardan tortib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarigacha o`z noroziligini ochiqcha namoyish etdi. Keyin esa Toshkent shahar hokimligi "ushbu ilmiy dargohning ahamiyatini e`tirof etishini va uni istirohat bog`iga aylantirishga yo`l qo`ymasligini" bildirdi. Shunday qilib, bu loyiha ham bekor bo`ldi.

“Madaniyat va Ma`rifat” telekanali

Shu yilning aprel oyida “Madaniyat va Ma`rifat” telekanali “Karvon” nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilayotgani ma`lum bo`lgandi. Bu haqdagi prezident qarori loyihasida, telekanal Madaniyat va turizm vazirligi tizimiga o`tkazilishi belgilangan. Bu esa jamoatchilik noroziligiga, ayniqsa, ziyoli qatlamning keskin tanqidlariga sabab bo`ldi. Tanqidlardan so`ng madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Madaniyat va ma`rifat” telekanali nomi “Karvon”ga o`zgartirilmasligini ma`lum qildi.

Shuningdek, aholining qat`iy kurashlari bilan Toshkent shaharida ko`pqavatli uylar atrofidagi bir qancha hududlar ham hokimlar changalidan asrab qolingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар