Olmaota va Chimkent shaharlarining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo`limi xodimlari mahalliy mehnat qulligida ushlab turilgan 60 nafardan ortiq O`zbekiston fuqarosini ozod qildi.
Qayd etilishicha, Aqto`be shahrida yashovchi shaxs polisiyaga murojaat qilib, uning O`zbekiston fuqarosi bo`lgan ukasi Chimkentdagi g`isht zavodida mehnat qulligidan qochgani va Olmaotaga etib kelgani, biroq u o`sha erda noma`lum shaxslar tomonidan o`g`irlab ketilgani haqida xabar berganidan so`ng tergov boshlagan.
Xabar kelib tushgach, Olmaota Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi va Auezov tuman IIB xodimlari Chimkentga jo`nab ketishdi, u erda uch nafar “ish beruvchi” qo`lga olindi, deyiladi IIV xabarida.
Ikkita g`isht zavodi hududini tintuv qilish chog`ida tezkor xodimlar 60 nafardan ortiq ishchilar borligi, ularning barchasi O`zbekiston fuqarolari ekani ma`lum bo`lgan.
O`tkazilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida zavodga ishga taklif qilingan xorijliklarning hujjatlarini olib qo`yishgani, oyliklarni bermay, vaqti-vaqti bilan jismoniy zo`rlik ishlatib, o`lim bilan qo`rqitishgani aniqlangan.
G`isht zavodlari egalariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.