Turizm uchun yana 10 milliard dollar ajratiladi

17.10.2023 09:58

Turistlarga qulaylik yaratish maqsadida respublika ahamiyatidagi yo`llarni qurish va ta`mirlashga jami 5,3 milliard dollar yo`naltiriladi. Bu haqda Prezident Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasida ta`kidladi.

«Umuman olganda, turizm sohasini rivojlantirish, uning infratuzilmasini barpo etishga jami 10 milliard dollar ajratiladi. Bu orqali, turizm va unga yondosh sohalarda kamida 1 million yangi ish joylari yaratishni maqsad qilganmiz», — dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, har bir katta shahar va sayyohlar ko`p boradigan joylarda “mehmonxona – transport – tur-operator – savdo va servis” korxonalari birgalikda faoliyat yuritadigan 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.

“Toshkent – Samarqand”, “Navoiy – Buxoro” yo`nalishlarida yana 6 ta tezyurar poezdlar olib kelinadi, 600 kilometr qo`shimcha temir yo`llar quriladi.

2025 yildan Toshkent-Xiva yo`nalishida “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poezdi qatnovi yo`lga qo`yiladi, 2026 yildan esa, Nukus shahrigacha uzaytiriladi.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekistonning YaIM hajmi 2022 yilgi hisob-kitoblarga ko`ra, 92 milliard dollarni tashkil etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар