“O`zbekiston temir yo`llari” AJ boshqaruv raisining birinchi o`rinbosari vaziyatdan chiqish uchun yolg`on gapirishga majbur bo`ldimi?
Oshayotgan narxlar va bundan norozi iste`molchilar savollari dolzarblashayotgan bir paytda, bugun “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari uchun matbuot anjumani o`tkazildi.
Anjumanda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o`rinbosari Hikmatullo Raxmetov kassada chiptalar yo`qligiga rasmiy izoh berdi.
Raxmetovga ko`ra, chipta narxlari haddan ortiq arzon bo`lganligi sababli chiptalar chayqovchilar tomonidan qimmatiga sotib olinmoqda ekan.
“Doim bizni tanqid qilasiz, bilet yo`q, lekin ko`chada odamlar qo`lidan qimmatiga olish mumkin, deysiz. Hozir men sizga buning sababini aytsam, tushunib qolasizki, yana biz xalqqa yaxshilik qilamiz deb shu holatga kelib qolganmiz. Biletlarimiz shu darajada arzonki, chayqovchilar biletlarni sotib olaveradi. Shu darajada arzon. Men buni keyin tushunib qoldim. Chiptalarni qimmatiga sotadi, buning ustidan har bir biletdan 100-150 ming ishlab oladi. Agar sotolmasa, poezd ketishidan avval biletlarni topshiradi, 15 ming so`m jarima to`laydi, shu darajada arzon bo`lgani uchun qiladi. Biz bu bilan korrupsiyaga o`zimiz yo`l ochib beryapmiz”, deydi u.
Endi Hikmatullo Raxmetovga savol, sotilayotgan chiptalarning har biri pastport ma`lumotlariga ko`ra rasmiylashtirilmaydimi? Chiptada yo`lovchining ism-familiyasi, ma`lumotlari yozilmaydimi, vokzal xodimlari har bir yo`lovchining hujjati bilan solishtirib ko`rib kiritmaydimi? Sizning chiptalaringiz kino yoki konsert chiptasi edimiki, avval bir dastasini olib qo`yib, keyin sotish mumkin bo`lsa? Balki muammoni “chiptalarning arzonligidan” degan bahonaga majburan yopishtirmay, kamida o`z xodimlaringizdan qidirib ko`rarsiz? Chiptalarning narxi xorijiy mehmonlar yoki sayohat istagida chiqqan fuqarolarimiz uchun balki arzon edi, ammo undan doimiy qatnab foydalanuvchi ishchi xodimlar va talabalar ikki baravar oshgan narxlardan bemalol foydalana olarmikan?