Qozog`iston Rossiya gazini O`zbekistonga tranzitini oktyabr oyining oxirida boshlaydi. Bu haqda Qozog`iston energetika vaziri A.Satkaliev ma`lum qilgan.
Avvalroq Qozog`iston Rossiyadan O`zbekistonga gaz tranzitini 1 oktyabrdan boshlashni rejalashtirgandi. Shu bilan birga, yaqinda O`zbekiston tomoni (Energetika vazirligi vakili) ham aynan 1 oktyabrdan boshlab Rossiyadan gaz olib kirish uchun kerakli infratuzilmani tayyorlaganini RIA Novostiʼga ma`lum qilgan edi.
Qozog`iston energetika vazirining izohlashicha, hozirda gaz quvurida ta`mirlash ishlari davom etmoqda.
«Hozirda Qozog`iston hududida qurilish bilan bog`liq ishlar yakunlanmoqda, gazni hisobga kiritish uchun alohida liniya ajratilmoqda. Jadvalga ko`ra, oktyabr oyi oxirigacha ishlar yakunlanishi kerak», — degan u.
Vazirning qo`shimcha qilishicha, tranzit qilinadigan gaz hajmi bo`yicha hali yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Buni O`zbekiston Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo`jaev ham tasdiqlagan va bu borada hali rasmiy qaror yo`qligini bildirgan.
«O`zbekiston tomoni gazni bugun yuborishsa, bugun qabul qilishga tayyor. Ammo bu jiddiy masala. Tranzit masalasi. Faqat bizgagina bog`liq bo`lmagan holat», — degan u.
Eslatib o`tamiz, 16 iyun kuni Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi O`zbekiston hukumati bilan gaz etkazib berish bo`yicha shartnoma imzolagan edi (Xarid hajmi yiliga 2,8 mlrd kub metrni tashkil qiladi). Bunda kelishilgan narx masalasi oshkor qilinmagan. Shu bilan birga, “Gazprom” “QazaqGaz” bilan gazni O`zbekistonga tashish bo`yicha shartnoma shartlarini ham oshkor qilmagan.