O`tgan qish mavsumidagi anomal sovuq favqulodda holatlarga O`zbekiston qay darajada tayyor ekanligini ko`rsatib qo`ydi. Buni poytaxtda ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning ko`chada o`tin yoqib isinmoqchi bo`lganidan ham bilish mumkin. Xo`sh, bu yil vaziyat qanday bo`ladi?
26 sentyabr kuni Favqulodda vaziyatlar va uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirliklari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta`minot” AJ hamkorligida “Kuz-qish mavzumida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong`in xavfsizligi profilaktikasi” mavzusida matbuot ajumani o`tkazildi.
Rost24.uz muxbiri yil boshida “Hududiy elektr tarmoqlari” mas`ulidan “Anomal sovuqqa energetika tizimi qanchalik tayyor?” degan savolni bergan edi. Mas`ul esa bunga javoban tizimda muammo yo`q, agar muammo bo`lib tizimda avariya holatlari paydo bo`lsa ular 2 soatda bartaraf etiladi degandi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi mas`uli ham hududlarda 2 soatdan ortiq vaqtda elektr energiyasi uzulsa, chora ko`rilishini aytgan edi.
Matbuot anjumanida mas`ullar bu yilgi anomal sovuq uchun juda yaxshi tayyorgarlik ko`rilganini, hatto ba`zi tarmoqlar butunlay yangilanganini ham ma`lum qildi.
Rost24.uz muxbiri mas`ullardan agar bu yil ham 2 soatdan ko`p elektr energiyasi uzulsa qanday choralar ko`rilishi haqida so`radi. Savolda Poytaxtning Chilonzor tumani misol qilib keltirilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi o`rinbosari Dilshod Nosirov bu yil qishga hozirdan tayyorgarlik ko`rilganini isbotlash uchun bir qancha raqamlarni ham keltirib o`tdi:
«Anomal sovuq paytida Chilonzor tumanida haqiqatda vaziyat og`ir bo`ldi. Bugungi kunda Chilonzor tumanini o`zida anomal sovuqdan kelib chiqqan holda 88,3 km tarmoqlar hamda 23 dona transformatorlar yangilandi. Anomal sovuq kirib kelganda issiqlik tizimi, gaz bosimi tushib ketishi sabab butun yuk transformatorlarga tushgan. Bundan tashqari 1424 avariya brigadalari tashkil qilingan, 1000 dan oshiq texnika va tun-u kun navbatchilik ham tayyor. Anomal sovuqning eng og`iri Toshkent shahrida bo`ldi», — dedi D.Nosirov.