Sog`liqni saqlash vaziri jurnalistlarga maslahat berdi

27.09.2023 18:43

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov jurnalistlardan “Antistrumin” mavzusiga chuqur kirmaslikni so`radi.

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 26 sentyabr kuni jurnalistlar bilan uchrashgan.

Suhbat davomida vazir jurnalistlarga qariyb 22 mlrd so`mga xarid qilingan “Antistrumin” dorisi mavzusiga chuqur kirmaslikni maslahat bergan. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi “Samo” kompaniyasidan tendersiz 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so`mga sotib olgani haqida ma`lumotlar paydo bo`lgandi. Unga ko`ra, 2022 yilda dorining bir qadog`i 5500 so`mdan xarid qilingan bo`lsa, joriy yilda 6500 so`mdan sotib olingan. Chakana savdoda esa 3000 so`mdan sotilgan.

SSV mas`ullari mazkur masalaga to`xtalar ekan, vazirlik muassisligidagi MChJ “Antistrumin” dorisini sotib olish uchun internetda e`lon berilganini aytdi.

«Kaliy yodidni to`g`ridan-to`g`ri olish huquqimiz bo`lsa-da, biz bu borada konkurs e`lon qilganmiz. Eng arzon narxda sotib olish uchun saytda o`zbek va rus tillarida e`lon berilgan. Bu e`londan kelib chiqib, xohlagan ishtirokchi, xorijlik bo`lsa ham, qatnashishi mumkin bo`lgan. E`londan so`ng odatda bizga takliflar kelib tushardi. Lekin bu e`londan so`ng bizga faqat “Samo” MChJdan taklif kelib tushgan. Faqat bir kishidan», — degan vazirlik vakili Sharof Hamroev.

Vazirning bunga qo`shimcha qilishicha, e`londa 1000 mkg doza so`ralgani uchun faqat shu ishlab chiqaruvchi ushbu dozani taklif qilolgan.

Vazirlik vakilining jurnalistlarga ma`lumot berishicha, “Samo” MChJ kaliy yodidni 6500 so`mdan taklif qilgach, vazirlik vakillari narxni tushirish bo`yicha iltimosnoma bergan. Ammo MChJ bunga javob qaytarmagan. Shundan so`ng vazirlik muassisligidagi “O`zmedimpeks” MChJ dorini shu narxda sotib olishga majbur bo`lgan ekan.

«Birinchidan, bitta narsani iltimos qilaman. Bu mavzu bilan shug`ullanayotgan odamlar bor. Mayda, bo`lmag`ur gaplar… Nima bo`lsa ham, o`zi tekshiradi, o`zi javobini beradi. Bu mavzuga chuqur kirmanglar. Bu bilan shug`ullanadigan tashkilotlar bor. Ular hammasini ochiq o`rganyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda 3 baravar arzon, u-bu degan [xabarlar] noto`g`ri, provokasion chiqarilgan…», — degan Amrillo Inoyatov.

Avvalroq Namanganda o`zini sog`liqni saqlash vazirining yordamchisi deb tanishtirgan shaxs esa «Prezident administrasiyasidan qo`ng`iroq bo`lganini» aytib, bolalarning zaharlanish mavzusini “kovlamaslik”ni so`ragandi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар