Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vise-prezidenti Otabek Umarov Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlarida ishtirok etadigan O`zbekiston sportchilari bilan uchrashib, ularga dalda berdi.
Milliy olimpiya qo`mitasi axborot xizmatining ma`lum qilishicha, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlarining Atletlar shaharchasiga borib, O`zbekiston delegasiyasining shtab-kvartirasini ko`zdan kechirgan. Vise-prezidentga Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov hamda Oybek Qosimov boshchiligidagi MOQ rahbariyati hamrohlik qilgan.
Atletlar shaharchasida musobaqalarga tayyorgarlik ko`rayotgan sportchilarimizning ma`lum qilishicha, Otabek Umarovning shaxsan o`zi uchrashib omad tilashi ularga kattagina motivasiya bo`lgan. Mana shuning o`zi sportchilarimiz uchun Vatan bayrog`ini yanada yuqori ko`tarishga turtki bo`lganini yashirishmadi.
“Tashrif davomida shaharchada delegasiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar o`rganildi. Atletlarimiz yashaydigan xonalar, tibbiyot bo`limi, mashg`ulot va musobaqa zallariga qatnashlari uchun yo`lga qo`yilgan transport-logistika tizimi, sport turlari bo`yicha musobaqalar taqvimi haqida atroflicha ma`lumot berildi. Shuningdek, atletlar shug`ullanadigan sport zallari, oshxonalar ham ko`zdan kechirildi”, – deyiladi MOQ xabarida.
Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov Xanchjou shahrida XIX Osiyo o`yinlarining tantanali ochilish marosimi oldidan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan ham uchrashgan. Bu haqda vise-prezident o`z Telegram-kanalida ma`lum qildi.
“Bugun Xitoyning Xanchjou shahrida XIX-Osiyo o`yinlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tadi. Bu uzoq kutilgan voqea arafasida eng ilhomlantiruvchi uchrashuvdir. Xitoy Xalq Respublikasining muhtaram Raisi Si Szinpin janoblariga va ularning rafiqalari Pen Liyuan xonimga Osiyo Olimpiya Kengashi faoliyatiga bo`lgan e`tiborlari uchun tashakkur”, – deyiladi Otabek Umarov telegram kanalida qo`yilgan xabarda.